Qator tadbirkorlik subyektlari virtual kassa tizimiga o‘tadi

Vazirlar Mahkamasining “Savdo va xizmat koʻrsatish sohasida onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassalarni qoʻllash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Foto: Spot.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa tizimi qoʻllanilishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2019 yil 23 noyabrdagi 943-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda har yili olis, yetib borish qiyin boʻlgan aholi punktlari roʻyxatini tasdiqlab, yil yakuni bilan keyingi oyning 10 sanasiga qadar Davlat soliq qoʻmitasiga taqdim etib boradi.

Tadbirkorlik subyektlari virtual kassadan foydalanishga oʻtgan taqdirda ularga hisoblangan va toʻlanishi lozim boʻlgan foyda soligʻi yoki aylanmadan olinadigan soliq yoxud qatʼiy belgilangan daromad soligʻi summasini virtual kassani 2021 yil 1 yanvarga qadar davlat soliq xizmati organlarida roʻyxatga qoʻyish sharti bilan, uning har birini xarid qilish, oʻrnatish va ishga tushirish bilan bogʻliq xarajatlar summasiga, lekin bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oshmagan miqdorda kamaytirish huquqi beriladi.

Elektron tijoratni amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari 2021 yil 1 yanvardan virtual kassa tizimiga oʻtishi belgilanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtiradi.

Qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisi Sh.Qudbiyev zimmasiga yuklanadi.