Mirziyoyev inqirozga qarshi yangi choralarni tasdiqladi

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Hujjatga muvofiq, 2020 yil 1 iyundan 1 sentyabrgacha

  • kichik tadbirkorlik subyektlari;
  • bozorlar va savdo majmualari;
  • kinoteatrlar;
  • umumiy ovqatlanish joylari;
  • jamoat transportlari tashkilotlari;
  • sport-sogʻlomlashtirish muassasalari;
  • shuningdek, yoʻlovchilarni tashish, maishiy xizmat koʻrsatish, yopiq joylarni ijaraga berish, shu jumladan banketlar tashkil etish bilan shugʻullanadigan yuridik shaxslar mol-mulk va yer soligʻi toʻlashdan ozod qilinadi.

Kichik tadbirkorlik subyektlariga

  • 19 martdagi PF-5969 va 3 apreldagi PF-5978-sonli farmonlarga muvofiq aprel-may oylari uchun taqdim etilgan, mol-mulk va yer soligʻining foizsiz kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) summalaridan;
  • 1 yanvardan boshlab 15 maygacha boʻlgan muddatda yer va mol-mulk soligʻi boʻyicha hisoblangan penya va jarimalardan voz kechiladi.

Tadbirkorlar uchun tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni)ni olib kirishda (import) qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashni 120 kungacha kechiktirish huquqi beriladi.

1 maydan 1 iyulgacha mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12%dan 1%ga pasaytiriladi. Ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan davlat korxonalari va yuridik shaxslar bundan mustasno.

Mikrofirma va kichik korxonalarning aylanma mablagʻlari kamayishining oldini olish maqsadida 2020 yil 15 may holatiga soliq qarzlari va soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun penya va hisoblangan jarimalar boʻyicha qarzdorliklarini undirish 1 sentyabrgacha toʻxtatiladi.

Davlat soliq xizmati organlari 15 may holatiga ularning bank hisobvaraqlaridan pul mablagʻlarini oʻtkazish va yechib olish boʻyicha inkasso topshiriqnomalarini qaytarib oladi.

Soliq toʻlovchilar 15 may holatiga bajarilmagan soliq majburiyatlarini bajarish boʻyicha toʻlov topshiriqnomalarini qaytarib olish huquqiga ega.