TIV Zaxarovaning Oʻzbekistonda oʻzbek tili qoʻllanishiga oid mulohazalariga munosabat bildirdi

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya TIV rasmiysi Mariya Zaxarovaning “Oʻzbekistonda davlat idoralarida oʻzbek tilida ish yuritish tarafdorlari oz”ligi haqidagi mulohazalariga munosabat bildirdi.

Foto: Teller Report

TIV izohida M. Zaxarovaning ismi keltirilmagan boʻlsa-da, “xorijiy davlatlar baʼzi rasmiy shaxslari” iborasi ostida kim nazarda tutilganini ilgʻab olish qiyin emas.

Eslatib oʻtamiz, Rossiya TIV rasmiysi oʻtgan hafta “Oʻzbekistondagi davlat idoralarida oʻzbek tilida ish yuritish tartibini buzgan mansabdor shaxslarni maʼmuriy javobgarlikka tortish yuzasidan ishlab chiqilgan qonun loyihasiga munosabat bildira turib, “koʻpchilik sharhlar rus tilining rasmiy doirada toʻliq ravishda qoʻllanilishi tarafdorlari koʻp ekanidan guvohlik bermoqda” degan, bu esa oʻzbek jamiyatida turli eʼtirozlarga sabab boʻlgan, Zaxarovaning bu bayonoti Oʻzbekistonning ichki ishiga aralashuv oʻlaroq baholangandi.

Vazirlikning qayd etishicha, davlat tilini tartibga soluvchi sohaga bogʻliq masalalar davlatning mutlaq ichki siyosatiga daxldor boʻlib, har qanday aralashuv aslo maqbul emas.

TIV 1995-yilda qabul qilingan “Davlat tili toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 9-moddasiga binoan davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritilishini eslatadi.

Bayonotda mazkur qonun oʻz ona tilini oʻrganish va undan foydalanish, xususan taʼlim olish, davlat tashkilotlariga murojaat qilish, huquqiy va boshqa maʼlumotlardan foydalanish hamda ishbilarmonlik muomalasida hech qanday toʻsiqlarsiz qoʻllash imkoniyatini kafolatlashi qoʻshimcha qilingan.

“Shu munosabat bilan Oʻzbekistonda istiqomat qiluvchi boshqa millatlar holati toʻgʻrisida tashvishlarga hech qanday asos yoʻq. Gap yuqorida zikr qilingan 1995-yilda qabul qilingan qonun ijrosi haqida ketmoqda”, deyiladi xabarnomada.

Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekistonda davlat tili haqidagi qonun talablariga rioya etish bilan bogʻliq masalalarni muhokama qilish jarayonida xolis boʻlishga, oldindan asossiz xulosa chiqarmaslikka va hurmat saqlanishiga umid bildirgan.

Avvalroq M. Zaxarovaning yuqorida zikr etilgan fikrlariga Oʻzbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham eʼtiroz bildirgandi.