Afgʻonistonlik xonanda Fahim Fana “Koʻrdim yuzingni” qoʻshigʻini maromida ijro etib berdi

Afgʻonistonning eng isteʼdodli xonandalarini aniqlaydigan “Afgʻon yulduzi” (Afghan Star) tanlovida xonanda Fahim Fana Bobomurod Hamdamovning “Koʻrdim yuzingni” nomli mashhur qoʻshigʻini ijro etdi.

Fahim 12 oy davomida tanlovning turli bosqichlarida ishtirok etdi. Final bosqichda “Koʻrdim yuzingni” qoʻshigʻini aytib, mamlakat boʻylab eng koʻp SMS ovoz toʻpladi va tanlov gʻolibiga aylandi.

Asli tojik millatiga mansub Fahim Fana ayni vaqtda Afgʻonistonda katta mashhurlikka erishgan. Uning “Bahor”, “Tu ba eshqat”, “Bi rahmi” kabi taronalari ham musiqa shinavandalari orasida ommalashgan.

“Chamasi 15 yil oldin Oʻzbekistonning “Yoshlar” hamda “Oʻzbekiston” telekanallari bizning mamlakatda ham translyatsiya qilinar edi. Oʻsha vaqtda bu kanallar nafaqat Afgʻonistondagi oʻzbeklar balki boshqa millat vakillari tomonidan ham sevib tomosha qilingan. Juda koʻpchilik oʻzbekchani ham oʻzlashtirib olgandi. Hozir ham afgʻonistonliklar Oʻzbekistonning filmlarini sevib tomosha qilishadi, musiqalarini tinglashadi”, deydi afgʻonistonlik jurnalist Xusravbek Bahir.

“Afgʻon yulduzi” realiti-shou tanlovi boʻlib, unda butun Afgʻonistonning eng isteʼdodli xonandalari aniqlanadi. Dastur TOLO kanalida translyatsiya qilinadi. “Afgʻon yulduzi” premyerasi 2005-yilda, 1996-yilda qoʻshiq aytishni taqiqlab qoʻygan Tolibon qulaganidan toʻrt yil keyin boʻlib oʻtdi. Shou Afgʻonistondagi eng mashhur tomoshalardan biri hisoblanadi.

Shu vaqtga qadar Afgʻonistonda Farhod Daryo, Vajiha va Farid Rastgorlar, Seto Qosimiy, Orzu Nikbin, Nazir Xoro, Firishta Samo, Fayoz Hamid, Valiy Sozish kabi oʻzbek boʻlmagan xonandalar oʻzbekcha qoʻshiqlarni maromiga yetkazib ijro etib kelmoqda.

Avvalroq, Korrespondent.uz afgʻonistonlik xonanda Orzu Nikbinning “Sanamgina” qoʻshigʻini maromiga yetkazib kuylagani haqida xabar qilgan edi.

Ikhtiyor Rakhman