Bollivudning taniqli aktyori Rishi Kapur hayotdan ko‘z yumdi

Afsonaviy hind aktyori va rejissori Raj Kapurning o‘g‘illaridan biri, Bollivud aktyori va prodyuseri Rishi Kapur 67 yoshda vafot etdi.

Foto: SalamNews

Rishi Kapur saratonga chalingan bo‘lib, 2019-yilning sentabrida davo muolajalarini olganidan so‘ng AQShdan Hindistonga qaytgan edi. Fevral oyida aktyorning sog‘lig‘i yomonlashib, ikki marta kasalxonaga tushgan.

Rishi Kapur 1952-yilning 4-sentabrida Mumbay shahrida tug‘ilgan. U kinodagi ilk rolini 1970-yilda, otasining “Mening ismim masxaraboz” filmida ijro etgan. 1973-yilda suratga olingan “Bobbi” filmi unga shuhrat olib kelgan.

Rishi Kapur “Qasoskor”, “Amar, Akbar, Antoni”, “Chandni” hamda “Jonim fido” filmlarida takrorlanmas obrazlarni yaratgan.

29-aprel kuni Bollivud va Gollivudning taniqli aktyori Irfon Xon saratondan vafot etgan edi.