Prezident Ramazon hayiti munosabati bilan afv etishga oid hujjatni imzolashi kutilmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti munosabati bilan anʼanaga muvofiq navbatdagi afvni eʼlon qilishi kutilmoqda.

Foto: azertag.az

Bu galgi afv birmuncha kattaroq miqyosda boʻlishi mumkin ekan. Bu haqda bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida maʼlum qildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning oʻzida ikki marta afv etishga oid hujjatni imzolagan edi. Joriy yilning fevral oyida imzolangan “Ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan jazo muddatini oʻtayotgan 58 nafar fuqaro afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 41 nafari jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 3 nafariga tayinlangan jazo yengilroq jazo bilan almashtirildi.

Shuningdek, 14 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi. Afv etilganlarning 2 nafarini ayollar tashkil etdi.

Shuningdek, xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan bir guruh mahkuma ayollarni afv etish toʻgʻrisida”gi Farmon imzolandi.

Farmonga muvofiq jazo muddatini oʻtayotgan 83 nafar ayollar afv etildi.

Afv etilgan ayollarning 12 nafari jazodan toʻliq ozod qilindi, 29 nafari jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qiladi, 17 nafariga tayinlangan jazo yengilroq jazo bilan almashtirildi, bir soʻz bilan aytganda, 58 nafar ayol jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilindi. Shuningdek, 25 nafar mahkuma ayolga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi. Afv etilganlarning 7 nafarini chet el fuqarolari tashkil etadi.