Shavkat Mirziyoyev Olot va Qorako‘l dehqonlariga: “G‘allani o‘ylamanglar. G‘alla buzilgan joyga paxta ekib yuboramiz”

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-aprel kuni Buxoro viloyatining Olot tumani markazida hudud faollari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Prezident viloyatga 27-aprel oqshomida yopirilgan kuchli shamol oqibatlarini bevosita ko‘zdan kechirish maqsadida tashrif buyurgan edi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Davlat rahbari jamoatchilik vakillari bilan muloqot chog‘ida birorta xonadon, birorta korxona, daladagi birorta g‘alla, birorta fermerga zarar yetkazilmasligini ta’kidladi. “G‘alla buzilgan joyda paxta ekamiz. Mehnat qilamiz, jipslashamiz. Ertaga daromadimiz bundan ham ko‘p bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentning ta’kidlashicha, Qorako‘l va Olot tumanida qishloq xo‘jaligi tabiiy ofatdan juda katta talafot ko‘rgan. “G‘alla kamroq bo‘ladi. Hech narsani o‘ylamanglar — g‘allani zaxira qilib qo‘yaman. Negaki u tanovul uchun kerak. Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha hech o‘ylamanglar. G‘alla buzilgan joyda obi-tobi kelganda paxta ekib yuboramiz. Mehnat qilamiz, paxta bo‘ladi”, — dedi davlat rahbari.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Kutib o‘tirsak, kim bizga bir so‘m olib keladi, kim daromadimizni o‘ylaydi? Hech kim o‘ylamaydi. O‘zimiz o‘ylashimiz kerak. Qo‘limizdan keladimi paxta ekish? Keladi. O‘rgangan dehqonlarimiz bor. Juda katta mirishkor dehqonlarimiz bor. Faqat salgina sabr-toqat, chidam kerak. Bu kunlar ham tariximizda bir sinovdek bo‘lib qoladi”, — deya qo‘shimcha qildi Prezident Shavkat Mirziyoyev.