O‘zbekiston “Adolat” SDP Buxoro Kengashida OAV xodimlari kuniga amjuman tashkil qilindi

0

O‘zbekiston “Adolat” SDP Buxoro viloyat Kengashida “27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” munosabati bilan matbuot anjumani tashkil etildi. Ushbu matbuot anjumanida partiyaning viloyat, tuman va shahar Kengashi xodimlari bilan bir qatorda ommaviy axborot vositalari xodimlari ham ishtirok etishdi. Bu haqda “Korrespondent O‘zbekiston”ga partiyaning Buxoro viloyat Kengashi matbuot kotibi Mohigul Abdullaeva xabar berdi.

Foto: “Adolat” SDP Buxoro viloyat Kengashi matbuot xizmati

Partiyaning viloyat Kengashi raisi Asror Tursunov 2016-2017-yarim yillikda partiyaning viloyat Kengashi matbuot xizmati tomonidan amalga oshirilgan ishlari xususida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, kelajakda matbuot xizmati faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida o‘zining taklif va tavsiyalarini berdi.

Matbuot anjumanida taklif etilgan ommaviy axborot vositalari xodimlari partiya faoliyatini targ‘ib etish eng avvalo, uning saylovoldi dasturidan kelib chiqqan holda amalga oshirilib kelinayotganligi to‘g‘risida aytib o‘tishdi. Shuningdek, haftaning har chorshanba kuni ishchi guruhning xonadonlarda bo‘lib, olib borayotgan muloqotlari ham mahalliy ommaviy axborot vositalari orqali yoritilishiga katta e’tibor qaratib kelinayotganligi, bu esa tumanlarda qator mavjud muammolarning oldi olinishiga xizmat qilib kelayotganligini alohida ta’kidlashdi. Aytish joizki, o‘zaro olib borilayotgan hamkorlik bir qator yutuqlarning qo‘lga kiritilishida sabab bo‘lmoqda.

Matbuot  anjumani so‘ngida barcha ommaviy axborot vositalari xodimlari partiyaning esdalik sovg‘alari hamda tashakkurnomalari bilan taqdirlanishdi. Anjuman ko‘tarinki kayfiyatda, eng yaxshi tilaklar bildirgan holda juda mazmunli o‘tdi.