Korrespondent.uz' ning Telegramdagi  kanaliga a'zo bo'ling!

Markaziy bank Boshqaruvi joriy yilning 28-iyun kunidan qayta moliyalash stavkasini yillik 14 foizgacha ko‘tarish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bungacha qayta moliyalash stavkasi 2015-yil 1-yanvardan buyon 9% qiymatda edi.

Foto: news.uzreport.uz

Xushnudbek Xudayberdiyev o‘z blogida “Qayta moliyalash stavkasi bilan belgilangan kreditlardan birini olgan va bugungacha yillik 9% qiymatda kredit to‘lovlarini amalga oshirib kelayotganlar endi nima qiladi? Eski foiz bo‘yicha to‘laydimi yoki oshirilgan qayta moliyalash stavkasiga ko‘ra, yillik 14% qiymatda to‘lashni boshlaydimi?” — degan savolga javob berdi.

“Buni aniqlashning yo‘li oddiy, — deb yozadi bloger. — Qayta moliyalash stavkasi bo‘yicha kredit olgan shaxslar bank bilan tuzilgan kredit shartnomasiga ko‘z yugurtirishlari lozim. Shartnomaning ‘Kredit shartlari’ bo‘limida kredit bo‘yicha foiz stavkasi ko‘rsatilgan bo‘ladi”.

Agar foiz stavkasi shartnomada aniq 9% qilib belgilangan bo‘lsa, unda garchi qayta moliyalash stavkasi 14 foizga oshgan bo‘lsa ham, lekin eski qiymatda (9%) to‘lanaveradi.

Agar shartnomada foiz stavkasi “joriy qayta moliyalash stavkasi bo‘yicha” deya ko‘rsatilgan bo‘lsa, unda 28-iyundan boshlab oshirilgan 14 foizda to‘lanadi.

Ammo aksariyat banklar shartnomada aniq foizni ko‘rsatadi, shu sababli ko‘pchilik xavotir olmasa ham bo‘ladi.

Masalan, “Kamolot” uylari uchun ajratiladigan kreditlar Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 8-sentabrdagi 250-sonli qaroriga asosan qayta moliyalash stavkasiga teng bo‘lgan foizli stavka bilan 20 yil muddatga beriladi.

“Maqolani tayyorlash chog‘ida ana shunday ‘Kamolot’ uyini olganlardan biri bilan bog‘landim va shartnomasidan nusxa berishni iltimos qildim”, — deb yozadi huquqshunos.

“O‘zsanoatqurilishbank” ATB bilan tuzilgan shartnomaning 2.4-bandida quyidagicha qoida kiritilgan:
“Kredit bo‘yicha foiz stavkasi — yillik 9 (to‘qqiz) foiz”.

Demak, ushbu tanishim qayta moliyalash stavkasi oshganligidan xavotir olmasa ham bo‘ladi. Joriy kreditiga bu ta’sir qilmaydi.