“Oʻzbekistonda ayollar tadbirkorligini xalqaro global Indeks talablari asosida yuritish tizimini yaratish” innovatsion loyihasi boshlanish arafasida

Oʻzbekiston ishbilarmon ayollari va Oʻzbekiston “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi faoliyatida yangi bosqich boshlandi. Hukumat va Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining koʻmagida “Oʻzbekistonda ayollar tadbirkorligini xalqaro global Indeks talablari asosida yuritish tizimini yaratish” innovatsion loyihasini boshlanish arafasida.

Ushbu loyiha doirasida ayollar tadbirkorligi xalqaro indeksini yurituvchi AQSHdagi Global tadbirkorlik va rivojlanish instituti bilan hamkorlikda Oʻzbekistonni Global indeksga kiritish borasida amaliy izlanishlar olib boriladi. Pirovardida, mamlakatdagi biznes ekotizimi va unda tadbirkor ayollar salohiyatining istiqbollari, dunyoning 100 ga yaqin mamlakatlari orasidagi reytingini aniqlash imkonini beruvchi yagona tizimning aʼzosi boʻlish koʻzda tutilgan.

Bu birinchidan, tadbirkorlikning gender yoʻnaltirilgan statistik hisobini yuritishda yangi, xalqaro standartlar boʻyicha ochiqlik va oshkoralikka yoʻnaltirilgan statistik hisob tizimini yaratish, ikkinchidan, ushbu kesimda ayollar tadbirkorligidagi muammolarni aniqlash va uchinchidan, mamlakatda ushbu sohani yana-da rivojlantirish strategiyasini yaratish imkoniyatini beradi.