Aktyor G‘aybulla Hojiyev vafot etdi

Oʻzbek dublyajining eng yorqin vakillaridan biri, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Gʻaybulla Hojiyev 64 yoshida olamdan oʻtdi. Bu haqda uning oʻgʻli Ravshan Hojiyev oʻzining Facebook sahifasida maʼlum qildi.

Foto: Google Images

Xabarga koʻra, Gʻaybulla Hojiyevning dafn marosimi ertaga, 27 fevral, 2020-yil, Olmazor tumani, Chimboy koʻchasi, 1 da boʻlib oʻtadi. Gʻaybulla Hojiyev bilan vidolashuv quyidagi manzilda oʻtkaziladi: Yunusobod koʻchasi, 14-uy, 1-bino.

Taniqli kino, teatr va dublyaj aktyori 1956-yilda Buxoroda tugʻilgan. 1973—1977-yillarda Toshkent davlat Sanʼat institutida tahsil olgan.

1976-yilda Abror Hidoyatov teatrida ish boshlagan. 1987-yildan Hamza nomidagi oʻzbek davlat akademik teatrida faoliyatini boshlagan.

Aktyor shoir Azim Suyunning “Sarbadorlar” asarida Abu Bakr Kalaviy, Abdulla Oripovning “Sohibqiron” asarida Xoja Ahmad Yassaviy, Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” spektaklida Solih mahdum, Ibrohim Sodiqovning “Afandining besh xotini” spektaklida Afandi, Hayitmat Rasulning “Piri koinot” spektaklida Ahmad Fargʻoniy, Shekspirning “Qirol Lir” asarida graf Gloster, Aleksandr Kosanoning “Yetti faryod” spektaklida Sabalo kabi oʻnlab rang-barang rollarni ijro etgan.

Ogʻir xastalik tufayli teatrdan ketishga majbur boʻlgan. Ammo ijoddan toʻxtamay, turli tele va radioloyihalarda muntazam ishtirok etgan.

Gʻaybulla Hojiyev “Uqubat”, “Shabbona”, “Umid”, “Oqpadar” kabi koʻplab filmlarda turli rollarni ijro etgan. Aktyor “Shaytanat” teleserialida Ahmadbey rolini oʻynagan.

Gʻaybulla Hojiyev dublyaj sohasida ham samarali mehnat qilgan boʻlib, aktyor ovoz bergan qahramonlar xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan.