Buxoroda jayron ovlaganlarga sud hukmi o‘qildi

2019-yil 24-avgustdan 25-avgustga o‘tar kechasi uch dona ov quroli hamda kuchli yoritish quvvatiga ega projektorlardan foydalangan holda tumanning Qorako‘l ixtisoslashtirilgan davlat o‘rmon xo‘jaligi hududidan O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan 2 bosh jayronni ovlagan 5 nafar fuqaroga sud hukmi o‘qildi.

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi

Xabarga ko‘ra, ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 202-moddasiga muvofiq ish qo‘zg‘atilib, hujjatlar tegishli tartibda rasmiylashtirilib, sudga oshirilgan.

2020-yil 7-fevral kuni ushbu sud ishining yakuniy yig‘ilishi Qorako‘l tumanining jinoyat sudida bo‘lib o‘tdi.

Sud hukmiga muvofiq qonunbuzarlikni sodir etgan 5 nafar fuqaroning 4 nafariga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 202-moddasi 3-qismining tegishli bandlariga muvofiq 3 yil muddatga, 1 nafariga esa 4 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosi belgilanib, ularga jami 66 million 900 ming so‘m miqdorida tabiatga yetkazilgan zarar hisoblandi va undirib olindi.