Qozogʻiston prokuraturasi: uch kishi etnik nizoni keltirib chiqarganlikda gumon qilinmoqda

Qozogʻiston Bosh prokuraturasi “millatlararo dushmanlik va zoʻravonlikka daʼvat qilganlik”da gumon qilinayotgan uch kishining “shaxsi aniqlangani” borasida xabar berdi.

Foto: AFP

Bu boradagi bayonot 12-fevral kuni, Jambil viloyatining bir nechta qishlogʻida qonli voqealardan bir necha kun oʻtib, prokuratura saytiga joylashtirildi. Bu qishloqlarda shanbaga oʻtar kechasi aholi oʻrtasida yuz bergan mushtlashuv millatlararo mojaroga aylanib ketdi, buning oqibatida 10 kishi halok boʻlib, yuzdan ortiq kishi jarohat oldi.

Prokuraturaning bayonotiga qaraganda, “ayrim shaxslar yuz bergan hodisalarni notoʻgʻri talqin qilgan tarzda milliy negizdagi qonunga zid xatti-harakatga daʼvat qilgan holda ataylab yolgʻon xabar tarqatishgan”.

Bosh prokuror oʻrinbosari Bulat Dembayevning soʻzlariga qaraganda, “ommaviy tartibsizliklarga daʼvat qilganlikda” gumon qilinayotgan ikki nafar gumondor Olmaotada turgan holda Facebook ijtimoiy tarmogʻida igʻvogarona postlarni eʼlon qilgan, yana bir Taraz shahrida yashovchi gumondor WhatsApp messenjeri orqali “xuddi shu kabi chaqiriqlar”ni eʼlon qilgan.

Prokuratura xabarida taʼkidlanishicha, Jinoyat kodeksining 272-moddasi 3-qismi boʻyicha jinoiy ish olib borilmoqda. Shu bilan birga gumondorlar ushlangani va ularga nisbatan ehtiyot choralari qoʻllanilgani borasida xabar berilmagan.

Prokuraturaning eslatishicha, Korday tumani qishloqlaridagi hodisalar munosabati bilan ayni damda sudga qadar 25 ta tergov olib borilmoqda, shu bilan birga nechta kishi gumondorligi va qanchasi ushlangani borasida xabar berilmadi. Prokuraturaning xabar qilishicha “ommaviy tartibsizliklar, tartibsizliklarga daʼvat, qotillik, bezorilik, hukumat vakillariga qarshi zoʻravonlik ishlatish, mulkni yoʻq qilish, shuningdek, qonunga zid ravishda qurol tayyorlash faktlari” boʻyicha jinoiy ish olib borilmoqda.

7-fevral kuni kechqurun Jambil viloyatining Korday tumanida qozoqlar va dunganlar oʻrtasida toʻqnashuv yuz berdi. Qirgʻiziston bilan chegaradagi Korday tumanning asosan dungan (islomga eʼtiqod qiluvchi va sino-tibet tilida soʻzlashuvchi xalq)lar istiqomat qiladigan Masanchi, Sortobe, Auxatti, Bular-batir qishloqlarida 30 dan ortiq uy va 23 ta avtomobil yoqib yuborildi. Minglab dunganlar Qirgʻizistonga qochdi.

Mojaroning aniq sababi aytilmadi. Mahalliy aholining soʻzlariga va IIV taqdim qilgan versiyaga koʻra, mojaroga yoʻldagi hodisa sabab boʻlgan: 5-fevral kuni Sortobeda aholi “yoʻlni boʻlisha olmagan” (vazirlik xabari), keksa bir kishi jabrlandi. Ikki kun oʻtib qozoqlar va dunganlar oʻrtasida mushtlashuv yuz bergan, bu oʻz navbatida bosqin va oʻt qoʻyishlarga sabab boʻlgan.

Hodisadan soʻng Qozogʻiston rasmiylari hukumat komissiyasini tuzdi va Korday tumanida favqulotda holat joriy qildi.