Yevropa banki Korzinka.uzning 40 million dollarlik aksiyalarini sotib oladi

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Oʻzbekistondagi Korzinka.uz doʻkonlar tarmogʻiga egalik qiluvchi Anglesey Investments PTE kompaniyasining 40 million dollarlik aksiyalarini sotib oladi. Bu haqda 12-fevral kuni YETTB oʻz rasmiy saytida maʼlum qildi.

Foto: Korrespondent.uz

Singapurda roʻyxatga olingan bu kompaniya Oʻzbekistonda faoliyat yurgʻizayotgan 50 ka yaqin Korzinka.uz doʻkonlarini boshqaruvchi Anglesey Food MCHK SHK aksiyalari mulkdoridir. Anglesey Food shirkati egasi esa oʻzbekistonliklarga yaxshi tanish iqtisodchi Zafar Hoshimovdir.

Nufuzli Yevropa bankining bu kompaniya minoritar aksiyalar paketi egasiga aylanishi, xabarda yozilishicha, bu supermarketlardagi tovarlar xilma-xilligini oshirishga xizmat qiladi.

“Bu investitsiya tufayli Korzinka.uz do’konlari soni qariyb uch baravarga koʻpayadi, unda ishlovchilar soni ikki baravarga oshib, 2023-yilga borib hozirgi 5 000 oʻrniga 10 000 ga yetadi”, deyiladi YETTB rasmiy saytida.

Bank shuningdek, Korzinka.uzga kiritiladigan investitsiyasi korporativ boshqaruv, ekologik va ijtimoiy standartlar, kompaniyadagi mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi amaliyotlarini rivojlantirishga xizmat qilajagini taʼkidlagan.

Aytilishicha, bu YETTBning keyingi 10 yil ichida Oʻzbekistondagi xususiy kompaniyaning aksiyadorlik kapitaliga kiritayotgan birinchi investitsiyasidir.

Oʻzbekistondagi xususiy sektor rivojiga yordam bermoqchi ekanini taʼkidlagan YETTB oʻz xabarida, 2019-yili mamlakatdagi 13 loyihaga yarim milliard yevrodan koʻproq investitsiya kiritgani va shulardan 9 tasi xususiy sektorga oidligini qoʻshimcha qilgan.