Mahalla va oila masalalari vazirligi tashkil etiladi

Oʻzbekistonda Xotin-qizlar qoʻmitasi, Fuqarolarni oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi hamda “Nuroniy” jamgʻarmasi tashkilotlari tugatilib, oʻrnida Mahalla va oila masalalari vazirligi tashkil etiladi.

Foto: President.uz

Bu haqda 12-fevral kuni mahalla institutini takomillashtirish, mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olish masalalari boʻyicha prezident Shavkat Mirziyoyev oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida eʼlon qilindi.

Yigʻilish haqida xabar bergan prezident matbuot xizmatiga koʻra, yangi vazirlik mahalla tizimida ishlayotgan 40 mingdan oshiq ishchi-xizmatchi faoliyatini muvofiqlashtiradi.

Shu munosabat bilan, Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi raisining mahalla va oila masalalari boʻyicha oʻrinbosari, viloyatlar va Toshkent shahar, qolaversa tuman hokimlarining mahalla va oila masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari lavozimi tashkil etiladi.

Yangi tuzilgan vazirlikning Ichki ishlar vazirligi bilan yaqin hamkorlikda ishlashi taʼkidlanmoqda.