Muhammad Solih va Jahongir Mamatov O‘zbekistonda davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rgan – Safar Ostonov

“Oʻzbekiston ovozi” gazetasi Bosh muharriri, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Safar Ostonov ayni vaqtda AQSHda istiqomat qilib kelayotgan jurnalist va sobiq deputat Jahongir Muhammad va Turkiyada yashayotgan Muhammad Solihning qilmishlari, Oʻzbekistonda davlat toʻntarishni uyushtirishga boshchilik qilganini dalillar bilan fosh qildi. Jurnalist Safar Ostonovning “Oʻzbekiston ovozi” gazetasida eʼlon qilingan navbatdagi maqolasida mamlakatdan qochib chiqib ketgan ikki shaxs va ularning Birinchi Prezident Islom Karimovga qaratilgan boʻhtonlari haqida soʻz boradi. Quyida maqolani toʻliq shaklda oʻqishingiz mumkin.

Oʻzbekistonga ziyoningiz tegmasin yoki xorijdan turib, oʻzini insonparvar, vatanparvar, aqlli va jabrlangan qilib koʻrsatayotgan, baʼzan yolgʻonni koʻpirtirib safsata sotayotgan Jahongir Mamatov degani kim oʻzi?

Qadimgi hikmatlardan birida aytilishicha, bu dunyoda har narsadan qutilishning chorasi bor: olov suv bilan oʻchiriladi, mol yoki eshak tayoq bilan boʻysundiriladi, kasallik dori bilan davolanadi. Ammo, loʻttiboz va fitnachini oʻzgartirib boʻlmaydi.

Yana bir donishmand aytgan ekan, “Kuchli kishini ojizdan qanday farqlash mumkin? Agar kuchli kishi hayotdan norozi boʻlsa, aybni boshqalardan izlamaydi…”

Bu qadim hikmatlar mavzuga bevosita daxldorligi uchun keltirildi.

Bugun axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalanib, efirga chiqib, yangilik tarqatayotganlardan koʻra, vaysayotganlar koʻpayib bormoqda. Eʼtibor bilan qarasangiz, sezasiz, ularning aksariyati oʻzini aqlli, adolatparvar, qahramon qilib koʻrsatmoqchi boʻladi.

Marhamat, gapiring, tanqid qiling, lekin xolis boʻlsin, yolgʻon boʻlmasin, samimiy boʻlsin, yaxshi niyatda boʻlsin. Qaysidir gapni gapirishga esa maʼnaviy haqqingiz ham boʻlsin…

Bugun efirga chiqib, oʻzini farishtasifat koʻrsatib, adolatparvarlikka, qahramonlikka daʼvogarlik qilayotgan Jahongir Mamatovning sahnada rol oʻynayotgan artistga oʻxshab ketishi, tap-tortmay yolgʻon gapirishlariga munosabat bildirish zarurati bor, deb oʻyladim.

Avvalo, toʻgʻrisini aytay, unga nisbatan hech qanday shaxsiy adovatim yoʻq. Qaytaga bir zamonlar koʻp hamsuhbat boʻlganmiz. Lekin kimlarningdir guruhiga qoʻshilib, taʼsiriga tushdimi, hayoti butunlay boshqa tomonga burilib ketdi. Tabiiyki, buning uchun u oʻzini aybdor bilmaydi, qancha kerak boʻlsa, boshqalarni ayblaydi. Uning tabiatan shunaqa odamligi koʻpchilikka yaxshi maʼlum, tili ham ancha achchiqroq va uzunroq, ichki madaniyatdan koʻra, yuzga tashlanish, qaysarlik, ayniqsa, man-manlik yuqori turadi.

Ehtimol, ana shu odatlari sababli muammolarga duchor boʻlgandir?..

Birinchi savol: nega u chet elga qochib ketdi? Sobiq ittifoqda Gorbachevning qayta qurish degan siyosati boshlangach, baqir-chaqir, mitingbozliklar, bir-birini haqoratlash, demokratiya, oppozitsiya, shon-shuhrat uchun kurash avj olib, kim soʻzamol boʻlsa, tepaga chiqayotgan payt edi. Jahongir Mamatov “Sovet Oʻzbekistoni” hozirgi “Oʻzbekiston ovozi”ning Samarqand viloyati boʻyicha muxbiri edi. Nomzodini Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga qoʻyib, yutib chiqdi. Uning deputatlik faoliyatidan koʻpchilik yodida qolgani — davlat rahbariga odobsizlarcha, madaniyatsizlarcha qarab, Oʻzbekiston onangizdan qolmagan, degan gapi boʻlgan. U hozirgacha bu qilmishini qahramonlik, deb oʻylaydi. Oʻshanda ayrimlar bu gapi uchun uning tilini sugʻurib olish kerak, degan edi. Davlat rahbari esa bagʻrikenglik qilib, uni Oʻzbekiston teleradio kompaniyasiga ijodiy ishlar boʻyicha oʻrinbosar etib tayinladi.

Bu yerda u atigi 28 kun ishladi. Jamoa bilan til topisha olmadi, bosar-tusarini bilmadi, rahbarlik qobiliyati yetmadi. Ishdan ketdi. Bugun u bilan ozgina vaqt boʻlsa-da birga ishlaganlar aytgan gaplarini keltirib oʻtirmaymiz. U baribir boshqalarni aybdor qiladi. Jahongir ishdan ketgach, jurnalistlar huquqlarini himoya qiladigan qoʻmita tuzaman, deb yurdi. Bu orada (ilgariroq) Oʻzbekiston jurnalistlar uyushmasi raisligiga nomzodini qoʻydirib oʻtolmagandi.

Kunlardan bir kun uning xorijga qochib ketganini eshitdim, toʻgʻrisi, achindim, bekor qilibdi-da, deb oʻyladim. Lekin u bu harakatini ham toʻgʻri, deb hisoblaydi. Qochmasam, meni qamashardi, deb aytishi tayin. Nega u qamalishi kerak edi, nima jinoyat qilgandi? Jinoyati boʻlganda shartta ushlab, qamashmasmidi. Ehtimol, qamalib qolish vasvasasi bilan qochib ketgandir. Qochgan faqat u emas, qochmaganlar ham oz emas. Qamalganlar ham bor. Kim nohaq qamalgan boʻlsa, keyinchalik chiqdi, oqlandi, unga ish berildi. Qochganlar hamon qochib yuribdi. Oʻylab qolasan, kishi. Chetga qochib ketib, oilangni, yaqinlaringni ovora-yu sarson qilgandan koʻra, oʻz yurtingda qamalganing yaxshi emasmidi.

Oʻzbekistonni sobiq markazdan kelib, bosib olgan “desantchi”lar ne-ne rahbarlarni qamoqqa oldi. Bir onaning qamoqda yotgan bolasiga aytgan gapi yodimga tushdi. Bolasi “qamashlarini bilganimda chet elga qochib ketgan boʻlardim”, deganida onasi “qamalsang, oʻz yurtingda qamalgin, oʻlsang oʻz yurtingda oʻl”, deb aytgan edi.

Oʻsha onani xudo rahmat qilgan boʻlsin, universitetda oʻqituvchi edi.

Jahongir Mamatov qoʻrqoqlik qilib qochdimi, birovning gapiga kirib qochdimi, bu bizga nomaʼlum. Maqsadimiz buni muhokama qilish emas, har qancha gapirmang, boshingga tushganda bilasan, deyishi mumkin. Biroq noqulayroq boʻlsa-da, aytishga toʻgʻri keladi. Nima, bizga zugʻum boʻlmadimi? Sobiq markazdan Yurtimizga yuborilgan “desantchilar” hukmronlik qilgan paytlarda yozgan maqolalarimiz uchun necha bor soʻroq berganmiz. Respublika prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligiga chaqirtirilganmiz. Hatto jismoniy chora koʻrishga harakatlar boʻlgan. Bundan toʻrt-besh yil ilgari esa respublika milliy xavfsizlik xizmatining ayrim xodimlari bilan bir yilcha tortishdik, asablarimiz yemirildi. Qamoqqa olsang, hoziroq ol, degan paytlarimiz ham boʻldi. Aybimiz yoʻqligi uchun kurashdik. Ertaga meni qamab qoʻyadi, deb qochib ketmadik.

U Turkiyaga borgach, oʻziga oʻxshaganlar bilan birlashdi. Avvalo, Oʻzbekiston rahbari toʻgʻrisida har xil mish-mishlarni, asossiz gaplarni tarqata boshlashdi. Prezident toʻgʻrisida aytilayotgan salbiy fikrlar, tabiiyki, Oʻzbekiston obroʻsiga ham soya soladi. Oʻzbekistonga ishonchsizlikni tugʻdiradi, xalqaro tashkilotlar, dunyo banklarining Oʻzbekistonga berayotgan yordami shubha ostida qoladi. Oʻzbekiston bundan ziyon koʻradi, xalqimizga ogʻir boʻladi.

Lekin Jahongir Mamatov va uning hamtovoqlari bundan xursand boʻlishardi. Ular butun dunyoda Oʻzbekiston rahbariga ishonchsizlik uygʻotish orqali uni jazolamoqchi boʻlishdi. Oʻch olish maqsadi shu darajada xudbinlashib, yovuzlashdiki, ular terrorchi guruhlar bilan hamkorlik qilishdi. 1999 yil 16 fevral Toshkentda Vazirlar Mahkamasi binosi yonida Islom Karimov va respublikaning barcha rahbarlarini yoʻq qilish niyatida uyushtirilgan terroristik aktda hozir chet elda turib, oʻzini erkparvar, insonparvar koʻrsatib Oʻzbekistondagi kamchiliklar toʻgʻrisida toʻxtovsiz vaysayotganlar ham bor edi.

Oʻshanda Vazirlar Mahkamasi binosi qulasa, respublikaning barcha darajadagi birinchi rahbarlari, viloyat rahbarlari, masʼul xodimlar halok boʻlib, respublika boshsiz qolardi. Bu portlashni xalqaro terrorchi toʻdalar bilan birgalikda Turkiyada qochib yurganlar uyushtirgan edi. Men oʻsha sudda shaxsan qatnashganman. Turkiyadagi “vatanparvarlarimiz” bu portlashni qanchalik sabrsizlik bilan kutishgani, bino qulamagani, Islom Karimov tirikligini eshitgach, ularning hafsalasi pir boʻlgani, tashkilotchilardan biri “Essiz, yetti yillik mehnatim zoye ketdi”, deb afsuslanganini sudlanganlar aytib berishgandi.

Qarang, ular bino portlamaganidan afsusda, yaʼni yuzlab begunoh odamlar oʻlmay qolganidan afsusda. Bino qulagach, Turkiyada yurganlar Amudaryoning naryogʻida toʻplanib turgan tolibonlar yordamida Oʻzbekistonga bostirib kirishmoqchi edi. Oʻzimizdagi ekstremistlar ham berkitib qoʻygan qurollarini olib, koʻchaga chiqishardi. Davlat toʻntarishi boʻlardi, fuqarolik urushi boʻlardi, qiyomat qoyim boʻlardi.

Oʻz vataniga, xalqiga shunday dahshatni, yovuzliklarni ravo koʻrganlar bugun yana demokratiya niqobi ostida turib, uyalmay-netmay vaʼzxonlik qilishyapti. Oʻsha voqealardan buyon zamon oʻzgardi, necha yoz, necha qish oʻtdi, qancha qorlar yogʻdi… Izlar bosildi, deb oʻylayapsizlarmi?

Hayotda unutiladigan, kechiriladigan voqealar boʻladi, Vatanga, xalqqa xiyonatni unutish, kechirish qiyin, juda qiyin.

Chayonning ishi zahar solmoq, deganlaridek ular bu yovuzlik bilan chegaralanib qolishmadi, qora niyatlari yoʻlida yangi reja tuzishdi. Men qoʻlimdagi koʻplab maʼlumotlarni imkon qadar ixchamroq, qisqaroq bayon etishga harakat qilayapman.

1995 yil mart oyida Oʻzbekiston Oliy sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati majlisida bir necha kun qatnashganman. Jahongir Mamatovning keyingi paytlarda man-manligi xuruj qilib, sunʼiy, yolgʻon aralashgan gaplari koʻpayib borayotgani, oʻzini dono, qahramon qilib koʻrsatayotganini kuzatib turib, oʻylanib qoldim. Bu ketishda yaqin orada u kimlar uchundir qip-qizil avliyoga aylanishi ham mumkin. Soxta avliyo xavfli boʻladi, odamlarga koʻp yomonlik keltirishi mumkin. Shuning uchun uning aslida kimligidan odamlarni, ayniqsa, yoshlarni xabardor qilish niyatida arxivimdagi sud majlisi hujjatlarini qayta oʻqib chiqishimga toʻgʻri keldi.

Sud tergovi jarayonida jabrlanganlar, guvohlar, sudlanuvchilar — jinoyat tashkilotchilari Muhammad Solih va Jahongir Mamatov tashkilotchiligida navbatdagi davlat toʻntarishiga tayyorgarlik koʻrilganini aniq misollar bilan gapirib berishgandi. Gazetxonlarga tushunarli boʻlishi uchun voqea tafsiloti haqida qisqaroq toʻxtalaman.

Ular Turkiyada qochib yurgan 1993-1994 yillarda Oʻzbekiston va Turkmanistondagi gumashtalariga yangi topshiriq berishadi, yaʼni Qashqadaryo viloyatidan harbiy xizmatni oʻtab kelgan, uylanmagan yigitlardan imkon qadar koʻproq guruh tuzib, ularni Turkiyaga joʻnatish kerak edi. Joʻrayev Murod, Xolboyev Shavkat, Ahmedov Negmat, Mamatov Shavkat, Ashurov Erkin, Suvonov Hoshim kabi shaxslar Qashqadaryo viloyatining tumanlarida izgʻib yurib, 46 nafar yigitni Turkiyaga biznesmenlikka bepul oʻqishga yuboramiz, deb aldab, qoʻllariga pul berib, rozi qilishadi. Oʻshanda bu yigitlarning hammasi ishsiz boʻlgan. Ulardan 21 nafari qalbaki hujjatlar bilan Gruziya orqali Turkiyaga yetkaziladi.

Guvohlarning aytishicha, Istanbulga kelgach, “Hidoya” mehmonxonasida ularni Jahongir Mamatov va yana ikki kishi kutib olgan. Oʻsha kuniyoq ularning pasportlarini yigʻishtirib olishadi. Ertasi kuni Muhammad Solih kelib, koʻrsatmalar beradi. Bu uchrashuvdan soʻng yigitlar aldanishganini tushunishadi, ammo pasport yoʻq, ortga qaytishga ruxsat yoʻq, buning ustiga, qattiq ogohlantirish boʻladi: kimdir qochmoqchi boʻlsa, baribir uyiga yetib borolmaydi, yoʻlda topib yoʻq qilamiz, Oʻzbekistonda oʻn mingga yaqin odamimiz bor, kimdir xiyonat yoʻliga kirsa, oilasini yoʻq qilib tashlaymiz.

Yigitlar noiloj qoladi. Ular biznesmenlikka emas, balki terrorchilikka oʻrgatila boshlanadi. Shahar chetidagi tashlandiq harbiy qism maydonida mahalliy xalq orasidan yollangan instruktorlar ularga oʻq otish qurollari, portlovchi moslamalardan foydalanishni oʻrgatishdi. Karate, sambo, dzyudo bilan ham shugʻullantirishdi. Bosqinchilik, odamlarni garovga olish, odam oʻldirish usullarini oʻrgatishdi.

1994 yilning fevral oyidan boshlab 7-8 oy mashq qilishadi. Noyabr oyida urush usullarini oʻrgatish uchun ular Chechenistonga olib boriladi.

Sud materiallarida shunday koʻrsatmalar ham bor: Muhammad Solih 1993 yil chet elga chiqib ketgach, Oʻzbekiston aholisi orasida hokimiyatning qonuniy tarzda saylab qoʻyilgan vakillariga qarshi kurashishga oshkora daʼvat qiluvchi, aholida Oʻzbekiston rahbariyatiga nisbatan ishonchsizlik va adovatni yuzaga keltiruvchi maqolalarni “Erk” gazetasida chop etib, Oʻzbekiston hududida tarqatishga buyruq beradi. Bu gazeta Oʻzbekiston OAV toʻgʻrisidagi qonunni bir necha bor buzgani sababli 1993 yil 29 yanvardan faoliyati toʻxtatilgan edi.

Biroq 1993 yil may oyida S. Madaminov (M. Solih) oʻz sheriklari Jahongir Mamatov va boshqalarni Boku shahriga chaqirib, “Erk” gazetasini chop etmoqchi boʻladi.

Guruh aʼzolariga konstitutsion tuzumga qarshi aksiya oʻtkazish uchun pul va valyuta yigʻish vazifasi topshirilgandi.

Ularning faol harakatlari natijasida 1993 yil iyundan 1994 yil yanvarga qadar 13.200 AQSH dollari va 20 million 150 ming soʻm toʻplanadi.

S.Madaminov topshirigʻiga koʻra, bu pullarning asosiy qismi Jahongir Mamatovga berilgan. Chet el valyutasini u yosh yigitlarni yollab, yashirincha yoʻllar bilan Turkiyaga olib kelishga ishlatgan. Gazetani chop etish ham unga yuklatiladi.

Qashqadaryolik yigitlarga tushuntirildi. Asosiy vazifa – Prezident Islom Karimovga suiqasd uyushtirish. Prezidentlikka Muhammad Solih nomzodi qoʻyiladi. Rahbarlardan kim bunga qarshi chiqsa, garovga olinadi, kerak boʻlsa, otib tashlanadi.

Hamma ish bitgach, Toshkentda uylaring, mashinalaring boʻladi, degan vaʼdalarni ham berishdi.

Biroq qashqadaryolik yigitlardan hech kim koʻnglida ularning topshirigʻiga rozi boʻlmaydi. Vatanga xiyonat qilishni istashmaydi.

Birinchi boʻlib kitoblik besh yigit Oʻzbekistonga poyezd orqali joʻnatiladi, topshiriqni kutib turish tayinlanadi…

Yaqinda Qashqadaryo viloyatiga xizmat safariga borganimda, ulardan ayrimlarini topib suhbatlashdim. Toʻgʻrisi, boshlariga tushgan oʻsha voqealar haqida ularning bugungi fikrlarini bilmoqchi edim.

Kitob tumanidagi “Paxtaobod” fuqarolar yigʻinida yashovchi Husan Ergashev shunday xotirlaydi.

– Bizni biznesmenlikka oʻqitamiz, hamma xarajatlarni oʻzimiz koʻtaramiz, deb aldab, soxta pasportlar bilan chegaradan oʻtkazishdi. Istanbulga yetib borgach, mehmonxonada pasportlarimizni yigʻishtirib olishdi. ­Jahongir Mamatov esa Karimovni yomonladi. Uni yoʻqotamiz, oʻrniga Muhammad Solihni qoʻyamiz. Sizlarni unga teloxranitellikka tayyorlaymiz, dedi. Keyin Muhammad Solih kelib, biz bilan gaplashdi. Ularning niyati yomonligini bilib, norozi boʻlib gapirganimizda “Endi orqaga yoʻl yoʻq, agar biz aytganni qilmasanglar, Oʻzbekistonda odamlarimiz koʻp, oilalaringni yoʻq qilamiz”, deyishdi. Noiloj edik.

Bizga toʻpponchadan oʻq otish, portlatish ishlarini oʻrgatishdi, instruktorlar mahalliy kishilardan edi. Aytganini qilmaganimizda, kaltak ham yedik, boshimizga it azobini solishdi, yerga yotqizib, boʻynimizga oyogʻini qoʻyib, doʻq qilardi. Hammasiga chidardik, imkon boʻldi, deguncha qochishni oʻylab yurardik. Bir kuni bizni guruhlarga boʻlib tarqatishdi, topshiriqni kutib turasizlar, deyishdi. Bizning guruhni Gruziya orqali poyezdda Oʻzbekistonga joʻnatishdi. Katta bir sumkada “Erk” gazetasining ikki taxlami bor edi. Buni Oʻzbekistonda tarqatishimiz kerak edi. Toshkentga yetib kelgach, ijaraga joy oldik. Yarim kechada sumkani olib chiqib, bir chuqurdagi chiqindixonga uloqtirdik.

Ertasi poyezdda Qashqadaryoga yetib kelgach, hamma voqeani otamga aytdim. Bizni sotsanglar, uylaringni portlatib yuboramiz, deganlarini ham aytdim.

Hozir oʻylasam, ularning yoʻliga yurganimizda yo qamoqda yotgan, yo allaqachon oʻlib ketgan boʻlardim. Ota-onam yuziga dogʻ tushirgan boʻlardim… Hozir xudoga shukur, ota kasbini davom ettirib, taksichilik qilayapman, uchta farzandim bor, ikki oʻgʻil, bir qiz.

Uning otasi 82 yoshli Akrom aka oʻychan, ammo qatʼiy ohangda gapga qoʻshildi:

— Rossiyaga ishga ketyapmiz, degandi. Ikki-uch oy oʻtib, bir vaqt telefon qildi. Turkiyadamiz, dedi. Aldanib qolishganini aytdi. Men darrov xavfsizlik xizmatiga bordim. Yoʻlini topib, bolalarni qaytaringlar, dedim. Oʻshanda ota sifatida menga juda ogʻir boʻldi. Oʻn bir farzandni tarbiyaladim, halol mehnat qildim. Ammo oʻn bolamga kuchim yetib, bittasiga yetmapti-da, deb ezildim.

Hozir oʻylasam, bularni xudo saqlagan ekan, boʻlmasam, juvonmarg boʻlib ketishardi. Jondan aziz koʻrgan farzandlarimizni yoʻldan urib, bizni xonavayron qilmoqchi boʻlganlarning jazosini oʻshanda xudodan soʻraganman…

Kitob tumani Qumqishloqda yashovchi Shuhrat Gʻoipov ham aldanganlardan biri.

— Oʻsha kunlarni xuddi yomon tushdek eslayman, yodimga tushsa, haligacha yuragim orqaga tortib ketadi. Biz ikki oʻt orasida qolgandik. Lekin birortamiz ularning gapiga rozi boʻlmaganmiz. Hozir ham ularni azroilni eslagandek eslayman. Ular odam emas, musulmon emas. Oʻz ona yurtiga bunchalik yomonlik tilaganlarni umrimda koʻrmagandim. Ularni yer qanday koʻtarib yuribdi, bilmayman.

Xudoga shukr, hozir oilaliman, uch oʻgʻlim bor. Elektromontyor boʻlib ishlayapman. Uch yil ilgari oʻzimga yangi uy qurib, koʻchib chiqdik. Hech narsadan kamchiligimiz yoʻq.

Shuncha qilgʻiliqni qilib, bugun Oʻzbekistonga aql oʻrgatib, vaysayotganlar, sizlar kim oʻzi? Sizlar Oʻzbekistonga kim boʻlasizlar? Farzandmisiz?..Doʻstmisiz?.. Dushmanmisiz?..

Bu savollarga oʻzingiz javob izlang… Doʻst boʻlsangiz, doʻstning ishini qilardingiz. Farzand boʻlsangiz, yurtingiz koʻchasini supurardingiz, changini artardingiz, shu yurt ravnaqi uchun nima qilish kerak boʻlsa, otdan tushib, xizmatini qilardingiz. Amaldor boʻlsak, ishlaymiz, amal bermasa, Oʻzbekiston – Vatan kerak emasmi?

Oʻzbekiston mustaqilligi ajdodlarimiz orzu armoni edi, qanchalab qonlar toʻkildi bu yoʻlda… Buyuk neʼmat — mustaqillikka erishganimizda gina-quratni unutib, bir tan, bir jon boʻlib, mustaqillikni asrash uchun kurashish kerak emasmidi? Shunday paytda ziyolilar amal talashib, bir-biriga dushmanlik qilsaya…

Shu paytgacha xomxayollar bilan yashab keldinglar, qoʻllaringdan hech narsa kelmaganini bilgach ham, taqdirga tan berginglar kelmaydi. Alamzadalik, shaxsiy manfaat ustunlik qiladi.

Bugungi kunda hayotda sizlarga oʻxshab amal talashib, oʻz yurtlarini vayron qilib, xalqining qonini toʻkayotganlarni koʻrdik. Ular ham oʻzlarini “demokratlar”, “oppozitsionerlar” deb eʼlon qilishgan. Asli maqsad kimningdir kuchiga, puliga suyanib, gapiga kirib, hukumatni qoʻlga olish boʻlgan. Oʻshalarning birortasi hayoti, faoliyati yaxshilik bilan tugamadi.

Sizlar toʻxtovsiz ravishda marhum Birinchi Prezidentimiz toʻgʻrisida kurakda turmaydigan gaplarni gapirayapsizlar. Avvalo oʻylab koʻringlar, sizlar kimu, Islom Karimov kim? Yana yuz yil yashasanglar ham, u kishi yurt uchun qilgan ishlarning mingdan birini ham qilolmaysizlar. Iqtisodiyot, moliya, qishloq xoʻjaligi, qurilish nimaligini umuman tushunmagan, hatto siyosiy bilim, madaniyati boʻlmagan sizlar kabilar davlatni boshqara olarmidi? Sizlarda siyosiy madaniyat boʻlganida, ziyoli inson tuygʻusi boʻlganida, terror yoʻlini tanlamagan boʻlardingiz.

Buni yaqinda Jahongir tan olgandek boʻldi. Eshittirishlaridan birida “biz notoʻgʻri yoʻldan ketdik”, degan mazmundagi gapni aytdi. Haqiqatan ham, yoʻl notoʻgʻri tanlangan edi. Buni tushungan odam “xato qildik, kimlargadir ishonib, adashdik, imkon boʻlsa, kechiringlar”, deb xalqdan kechirim soʻrashi kerak edi, nazarimda.

Ammo maqolamiz boshida aytilgan hikmat toʻgʻriligiga yana bir bor ishonch hosil qildik. Yaqinda Oʻzbekistonda nashr etiladigan “Adabiyot” degan xususiy nashrda J.Mamatovning ikki sahifali maqolasi chiqibdi. Amerika hayotini rosa maqtabsiz, koʻringlar, havas qilinglar, degandek. Yigirmaga yaqin suratingizni ilova qilibsiz. Oʻzingizni koʻz-koʻz qilmoqchi boʻlganmisiz, bilmadim, bir odamning gazetaning bir sonida shuncha surati chiqqanini koʻrmaganman.

Toʻgʻri, Amerika boy, qudratli mamlakat. Lekin bizning mamlakat emas-da. Bizning ­Vatan — Oʻzbekiston, uning shonli tarixi oldida Amerika tarixi ip esholmay qoladi. Lekin biz ham oʻsayapmiz, rivojlanayapmiz. Amerika ham birdaniga Amerika boʻlmagan. Maqolada “Amerika oʻzbeklarning ham vatani”, debsiz. Oʻsha yerda tugʻilgan, unib-oʻsgan boʻlsa, albatta, Vatan boʻladi. Ammo muhojirlar uchun Amerika vatan boʻloladimi? Vatan bitta boʻladi, xuddi otadek, xuddi onadek. Otani boshqa otaga, onani boshqa onaga almashtirib boʻlmaydi.

Bizning qarashlarimiz shunaqa, siz boshqacha fikrlashingiz mumkin. Mayli, qayerda, qanday yashash sizning huquqingiz. Ammo yolgʻon gapirmang, odamlarni aldamang, yoshlarni chalgʻitmang, qilgan jinoyatlaringizni unutmang, ­Oʻzbekistonga ziyoningiz tegmasin.

Safar Ostonov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist.