Chinozlik Ahmadboyga nisbatan to‘rtinchi sud ishi bo‘yicha hukm o‘qildi

Bugun, 12-fevral kuni, jinoyat ishlari boʻyicha Quyi Chirchiq tuman sudi binosida sudlanuvchilar Ahmadjon Tursunboyev va boshqalarga nisbatan jinoyat ishining tergov bilan yakunlangan qismini koʻrib chiqish boʻyicha toʻrtinchi ochiq sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi eʼlon qilindi.

Foto: “Daryo”

Ahmadjon Tursunboyev Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi “a, v” bandlari (eski tahrirdagi) bilan aybli deb topildi va unga ushbu modda bilan 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi, deb yozadi “Daryo.uz“ nashri.

Ahmadjon Tursunboyevga Oʻzbekiston Respublikasi JKning 59-moddasi 8-qismi va 61-moddalari tartibida tayinlangan jazoga qisman jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyat sudining 2019-yil 28-oktabrdagi hukmi bilan tayinlangan jazosini qoʻshib, uzil-kesil oʻtash uchun 1 yil muddatga tadbirkorlik bilan shugʻullanish huquqidan mahrum qilingan holda 14 yil 4 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Ahmadjon Tursunboyevga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosining oʻtalmagan muddati, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2016-yil 12-oktabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma toʻrt yilligi munosabati bilan amnistiya toʻgʻrisida”gi qarorining 6-bandi “b” kichik bandiga asosan toʻrtdan bir qismiga qisqartirildi.

Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda oʻtash tayinlandi. Jazoni oʻtash muddati 2016-yil 16-iyundan boshlab hisoblanadi.

Ahmadjon Tursunboyevga qoʻllanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi oʻzgarishsiz qoldirildi.