“Toshkent-Sharqiy” aeroporti kelasi yil ishga tushadi

Uzbekistan Airports AJ vakili Ravshan Ismoilov xabar berishiga koʻra “Toshkent-Sharqiy” xalqaro aeroporti qurilishi ayni damda ildam qadamlar bilan amalga oshirilmoqda va u kelgusi yilda ishga tushadi, Sputnik muxbiri xabariga asosan.

Foto: Korrespondent.uz

“Bu oʻzining yoʻlovchi va yuk terminaliga ega boʻlgan toʻlaqonli aeroport boʻladi. Uni Toshkent aeroporti bilan birlashtirib xab sifatida foydalanish rejalashtirilmoqda. Parvozlar va yoʻlovchilar sonini oshirishda Toshkent xalqaro aeroportiga “Toshkent-Sharqiy” aeroporti yordam beradi”, – deydi Ravshan Ismoilov.

Uzbekistan Airports vakili soʻzlariga koʻra, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti kelajakda Toshkent shahridan tashqariga koʻchirilishi mumkin. Yangi aeroport Toshkentdan 30-35 km uzoqlikda, Angren yoki Chinoz tomonida qurilishi rejalashtirilgan.

Maʼlumot uchun, “Toshkent-Sharqiy” aerodromi oʻrnida zamonaviy aeroport barpo etish haqida 2018 yilda Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingan edi. Yangi aeroport qurilishi uchun nafaqat eski “Toshkent-Sharqiy” aerodromi hududi, binolari va uskunalari balki Mudofaa vazirligining 94 va 122-harbiy shaharchalari, shuningdek “Toshkent mexanika zavodi” AJning binolari hamda inshootlari va tegishli hududi bilan ajratilgan edi.