Xitoyda koronavirus oqibatida vafot etganlar soni 1110 kishidan oshib ketdi

Xitoyda COVID-19 koronavirusi oqibatida vafot etganlar soni 1113 kishiga yetdi. Bu haqda Xitoy Sogʻliqni saqlash davlat komissiyasi xabar berdi.

Foto: Саратов 24

Butun mamlakat boʻylab virusni yuqtirib olganlar soni 44 653 kishini tashkil etmoqda, ularning 4740 nafari davolanishga muvaffaq boʻlgan. Bundan tashqari 8204 odam ogʻir ahvolda, kasallar bilan aloqda boʻlgan yana 185 ming kishi nazorat ostida.

Xitoyda bir sutkaning oʻzida 2015 kishida koronavirus aniqlangan — bu 30-yanvardan buyon eng past koʻrsatkichdir. Vafot etganlarning aksariyati epidemiya oʻchogʻi hisoblangan Xubey provinsiyasidan.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotiga koʻra, koronavirus bilan 40,5 ming odam kasallangan. JSST rahbari Tedros Adan Gebreyesusning maʼlum qilishicha, COVID-19ʼga qarshi ilk vaksinalar yarim yildan soʻng tayyor boʻlishi mumkin. Shu bilan birga Gebreyesusning aytishicha, bugungi kunda kasallikning oldini olishning koʻplab usullari mavjud.

Eslatib oʻtamiz, Toshkentda ham koronavirusga qarshi kurash boʻyicha profilaktika tadbirlari oʻtkazilmoqda. Xususan, “Farhod” va “Oʻrikzor” bozorlari, shuningdek, poytaxtdagi avtobuslar yuqumli kasalliklarga qarshi dezinfeksiya qilingan.