O‘zbekiston aksilkorrupsiya organini tashkil etish masalalarini muhokama qilmoqda

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 fevral kuni korrupsiyaga qarshi kurashish hamda jamoatchilik nazorati tizimlarini takomillashtirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Foto: Президент матбуот хизмати

Yig‘ilishda korrupsiya iqtisodiyot rivoji, chinakam qulay tadbirkorlik va investitsiya muhiti uchun eng asosiy to‘siqlardan biri ekani qayd etildi. Tahlillarga ko‘ra, bu illat jahon iqtisodiyotiga har yili o‘rtacha 2,6 trillion dollar zarar keltiradi.

O‘zbekiston ham muammodan xalos bo‘lmagan. Dunyodagi korrupsiya darajasini o‘rganuvchi Transparency International xalqaro tashkiloti indeksida O‘zbekiston oxirgi uch yilda 12 pog‘onaga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, hali bu illat barham topmagan.

Fuqarolarning fikricha, sog‘liqni saqlash, ta’lim, bank, bojxona, sud, prokuratura, ichki ishlar, kommunal xizmat sohalarida, shuningdek, fuqarolarni ishga qabul qilishda korrupsiya keng tarqalgan. Misol uchun, tahlillarga ko‘ra, sog‘liqni saqlash tizimidagi xarajatlarning 25−30 foizi samarasiz sarflanmoqda. Ko‘plab sohalarda davlat xaridlarini amalga oshirish tizimi ochiq-oshkora emas, deya qayd etdi matbuot xizmati.

Davlat rahbari yaqinda Oliy Majlisga yo‘llangan Murojaatnomada korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan ko‘ra barvaqt oldini olishga o‘tish kerakligini ta’kidlab, unga qarshi kurashishga mas’ul bo‘ladigan alohida organ tuzishni taklif qilgan edi.

Yig‘ilishda ushbu yangi tuzilmani tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Korrupsiya darajasi yuqori bo‘lgan sohalarda bu illatdan qutulish bo‘yicha dastur ishlab chiqib, ijrosini tashkil etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashishning eng asosiy yo‘li davlat organlari faoliyati va ish jarayonlarini shaffof qilish ekani ta’kidlandi. Bunda eng asosiy e’tiborni ishga olish, davlat xaridlari, ruxsatnoma va litsenziyalar berish kabi jarayonlarda ochiq-oshkoralikni ta’minlashga qaratish lozimligi belgilandi.

Adliya vazirligi va Bosh prokuraturaga BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda vazirlik, kompaniya va hokimliklarda ichki korrupsiyaga qarshi choralarni ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi «komplayens nazorat» tizimini joriy etish vazifasi qo‘yildi.

Xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, davlat xizmatchilari mol-mulki va daromadlarini deklaratsiya qilish tiziminining barcha tashkiliy-huquqiy asoslarini ishlab chiqib, amaliyotga kiritish shartligi ta’kidlandi.

Mutasaddilarga xorijiy tajriba asosida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tuzilmani tashkil etishga doir hujjatlarni ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi. Mazkur tuzilma nafaqat bu borada davlat siyosatini amalga oshirishi va muvofiqlashtirishi, balki korrupsiyaga qarshi kurashishda barcha kuch va vositalarga ega bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Prezident Oliy Majlisga Murojaatnomasida jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish, davlat va jamiyat o‘rtasida o‘zaro yaqin hamkorlik o‘rnatish maqsadida Jamoatchilik palatasi tashkil etish taklifini ham bildirgan edi. Bugun yig‘ilishda ushbu palataning asosiy vazifalari, tashkiliy jihatlari muhokama qilindi.

Jamoatchilik palatasi aholi fikrini muntazam ravishda o‘rganib borishi, ularning yechimini topish bo‘yicha davlat idoralari oldiga aniq vazifalarni qo‘yishi zarurligi ta’kidlandi. «Jamoatchilik eshituvi», «jamoatchilik monitoringi», «jamoatchilik ekspertizasi», «jamoatchilik tashabbusi» kabi ta’sirchan nazorat shakllarini hayotga tatbiq etish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Nodavlat notijorat tashkilotlari hamda davlat idoralari huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatini jonlantirish, ularga har tomonlama uslubiy ko‘mak berish ham yangi palata faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan bo‘ladi.

Shu kabi vazifalardan kelib chiqib, Jamoatchilik palatasining tashkiliy-huquqiy asosini yaratish, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish bo‘yicha 2020−2021 yillarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini takomillashtirish, jamiyat hayotiga oid muammolarni o‘rganish va samarali hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish uchun nodavlat notijorat tashkilotlariga grantlar ajratish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.