Nimaga Umra ishini faqat bitta shirkat 12 yildan beri tashkil qiladi?

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi Umra ishlarini tashkil etishda Saudiya Arabistonining Al Hidoya Hajj, Umrah & Tourism kompaniyasi bilan hamkorlik qilib keladi. Ushbu hamkorlik 2008 yili boshlangan, oʻtgan vaqt ichida Umra ishini tashkil etishda boshqa xorijiy shirkat yoxud mahalliy turfirmalar muntazam ishtirok etmagan.

Foto: religions.uz

11 fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan matbuot anjumanida qoʻmita va idora vakillari Umra ishini tashkil etishga oid ayrim masalalarga oydinlik kiritishdi, xabar bermoqda “Gazeta.uz” nashri.

Idoraning xalqaro aloqalar boʻlimi mudiri Muhammad Akmalxon Shokirovning maʼlum qilishicha, Oʻzbekiston tomoni qariyb 12 yil davomida Umra ishini tashkil etishda faqat Al Hidoya Hajj, Umrah & Tourism kompaniyasi bilan hamkorlik qiladi.

“Umra ziyoratini tashkil etishda shirkat eng minimal tarif boʻyicha har bir shaxsga 450 AQSH dollari miqdorida narxnoma taklif etgan. Bunga qoʻshimcha 106,5 dollar viza uchun toʻlanadi, 50,4 dollar tibbiy sugʻurta polisi uchun soʻraladi. Bularning hammasi qoʻshilib (aviachipta narxi inobatga olinmaganda jami 606,9 dollar — tahr.), har bir ziyoratchi uchun Umra paket narxi keltiriladi”, — dedi u.

Anjumanda ishtirok etgan Uzbekistan Airways aviakompaniyasi tijorat va turizm masalalari boʻyicha direktori Shuhrat Xudoyqulovning taʼkidlashicha, har hafta 4ta Toshkent-Jidda-Toshkent yoʻnalishida parvoz amalga oshiriladi. Bundan tashqari, Umra ziyoratchilari ehtiyojidan kelib chiqib, haftasiga yana 20ta reys tashkil etiladi. Ushbu parvozda samolyotlar Saudiya Arabistoning Madina va Jidda shaharlariga uchadi.

“Bordi-keldi uchun minimal narx 633 AQSH dollari etib belgilangan. Bir tarafga parvoz narxi 330 dollarni tashkil etadi”, — deya qayd etdi u.

Azon Travel kompaniyasi vakilining qayd etishicha, Toshkent-Madina shaharlari oʻrtasidagi masofa 3310 kilometrni tashkil etadi. Toshkent-Dubay oraligʻidagi masofa esa 2194 km, Toshkent-Istanbul yoʻnalishida parvoz qiluvchi samolyot esa 3340 km masofani bosib oʻtadi. Keltirilgan masofalar deyarli bir xil, ammo Oʻzbekiston-Saudiya Arabistoni yoʻnalishida narxlar taxminan 30 foizga qimmatlashgan.

“2017−2018 yillarda amalga oshirilgan mazkur yoʻnalishdagi parvozlarda chiptaning narxi bir kishi uchun qariyb 850 dollarni tashkil etgandi. Oʻzi narx qanday shakllanadi? Avvalo, aviakompaniya xarajatlari, mezbon tarafga toʻlaydigan toʻlovlardan kelib chiqib, chipta narxi oʻrnatiladi. Shaharlar oʻrtasidagi masofa yaqinligidan tashqari, oʻsha shaharlardagi aeroportlarga toʻlanadigan boj yigʻimlari ham bor”, — deya qoʻshimcha qildi Shuhrat Xudoyqulov.

OʻMI vakili ayni matbuot anjumanida Umra vizasini har kimga bermaslik boʻyicha Saudiya Arabistonining Toshkentdagi elchixonasiga iltimosnoma kiritganini aytgan.