Bir yili pista, ikkinchi yili yongʻoq beradigan daraxtni bilasizmi?

Foto: OʻzA / M. Qodirov

Fargʻona viloyatida tarixiy yodgorliklar, qadamjolar, insonni hayratga soladigan osori atiqalar, noyob narsalar juda koʻp, deb yozadi OʻzA.

Nursux – Oʻzbekiston tumanida joylashgan eng katta va tarixiy qishloqlardan biridir. Bu yerda ayni paytda 23 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Mazkur qishloq olimlari, mirishkor dehqon va chorvadorlari, mamlakatimizga tanilgan huquqshunoslari bilan mashhur. Muqimiy “Sayohatnoma”sida qishloqning shirindan shakar mevalari haqida oʻzgacha zavq bilan shunday yozgan edi:

Nursux kabi ham yurt yoʻq,

Bogʻdor-u dehqon qorni toʻq,

Masjidlari ham koʻp uluq,

Turfa farah osor ekan.

Tabiati betakror boʻlgan ushbu qishloqda dehqonchilik, ayniqsa, uzumchilik azaldan rivojlangan. Hatto qishloq nomi ham shu bilan bogʻliq. Tongda bosh koʻtargan quyosh avval hovlidagi tok barglariga tushib, yerga soya bergani uchun “Nurisurx”, yaʼni “Qizil nur” maʼnosini anglatadi, deya taxmin qilinadi. Keyinchalik bu xalq tilida Nursux deb atala boshlangan.

Foto: OʻzA / M. Qodirov

Nursuxdagi Sulton Sayyid Kamoliddin ota ziyoratgohi hamda Sarttepa tarixiy obidasi xalq sayillari, bayramlari oʻtkaziladigan muborak maskan. Shu qishloqda yashovchi Hasanboy Ahmedovning qayd etishicha, xalq tilida Xoʻja Pista Bobo nomi bilan tanilgan 60 gektarlik mazkur ziyoratgoh bir necha asrlik tarixga ega.

Ziyoratgoh oʻrtasidagi pista daraxti 1200-yillik boʻlib, bir paytlar unga oʻnta odamning qulochi yetmas edi. Bundan taxminan ikki yuz yillar avval bu yerda yongʻin boʻlgach, pista daraxti hajmi ancha kichrayib ketdi. Xalq orasida bu moʻjizaviy daraxt haqida turli afsona va rivoyatlar keng tarqalgan.

M. Sulaymonov, OʻzA