Koronavirus, gripp, shamollash: nima bilan og‘riganingizni qanday tushunish mumkin?

Yuqori harorat, yoʻtal, zaiflik, bosh ogʻrigʻi – bu koronavirus, gripp va shamollashning birinchi bosqichidagi belgilar. Bu belgilar juda ham oʻxshash, biroq farqi bor, deb yozadi Xabardor.uz nashri.

Gripp va oddiy shamollash belgilari juda oʻxshash

Yangi 2019-nCoV koronavirusning birinchi bosqichini gripp bilan aralashtirib yuborish mumkin.  Koʻp hollarda bu yuqori harorat, quruq yoʻtal, nafas olishning qiyinlashuvi, boʻgʻimlardagi ogʻriq, holsizlik, ayrim holatlarda bosh ogʻrigʻi bilan kechadi. Lekin dastlabki ikki belgi borki, bu faqat gripp yoki shamollashda uchraydi, bu holat koronavirusda yoʻq: burun bitishi va tomoqdagi ogʻriq.

Bu ikki simptom – yuqori nafas yoʻllari infeksiyasining tipik belgisi. Koronavirus, asosan, pastki nafas yoʻllarini zararlaydi, shu sabab ham asosan quruq yoʻtal, nafas qisishi kuzatiladi, biroq tomoq ogʻrimaydi.

Koronavirus yuqtirgan odamda kasallik rivojlanishdan oldin 14 kun davomida inkubatsion davr kuzatiladi. Bu vaqt oraligʻida hech narsa sezilmaydi. Agar siz oʻzingizga ishonmasangiz yoki gumondan xoli boʻlishni istasangiz, shifokorga murojaat qilishingiz mumkin. Shifokor zarur deb topsa, respirator virus bor-yoʻqligini aniqlash uchun soʻlak namunasini laboratoriyaga yuboradi.

Koronavirusdan qanday himoyalanish mumkin? 
Hozirda juda dolzarb boʻlib turgan 2019-nCoV havo-tomchi yoʻli, zararlangan joyda boʻlish yoki infeksiya yuqtirgan odam bilan aloqa qilish orqali yuqadi. Shu sababli ham tibbiy niqob toʻla himoya qila olmasligi mumkin. Avvalo, qoʻlni sovunlab tez-tez yuvib turish, bir martalik qogʻoz sochiqlardan foydalanish, kasallangan odamlar bilan toʻgʻridan toʻgʻri muloqotga kirishmaslik tavsiya etiladi.

Gripp yoki shamollash: qanday farqi bor?

Grippni shamollashdan farqlashda, hatto, shifokorlar ham xatolikka yoʻl qoʻyishlari mumkin. Chunki ularning belgilari bir-biriga juda oʻxshash. Shamollash tomoq qirilishi va burun bitishidan boshlanadi, undan keyin yoʻtal paydo boʻladi. Yoʻtal quruq yoki balgʻamli boʻlishi mumkin. Bir necha kun davomida tomoq ogʻriydi, burun bitib qoladi, tana harorati ham biroz oshadi, holsizlik, bosh ogʻrigʻi bezovta qiladi.

Gripp shamollashdan farqli oʻlaroq, birdaniga paydo boʻladi va “toʻla hajmda ish boshlaydi”. Uning oʻziga xos belgilari: bosh ogʻrigʻi, boʻgʻimlarning zirqirashi, quruq yoʻtal, ogʻriq va tomoqning boʻgʻilishi. Tana harorati 41 darajagacha koʻtariladi va titroq bilan kechadi. Bemor umumiy zaiflikni his qiladi, koʻproq uxlagisi keladi.

Oddiy shamollash belgilari bir necha kundan keyin pasayib, taxminan, 1 haftadan keyin butunlay oʻtib ketadi. Gripp esa uzoqroq davom etadi: odam 1 hafta mobaynida butunlay yotib qoladi. Toʻla sogʻayib ketishi uchun bir necha hafta kerak boʻladi.

Nemislarning vaksinatsiya boʻyicha doimiy komissiyasi (STIKO) har yili grippga qarshi emlashni tavsiya etadi. Chunki, surunkali kasalliklardan aziyat chekadiganlar, homiladorlar va 60 yoshdan oshganlar uchun grippni yuqtirish juda xavflidir. Shuningdek, komissiya kasbiga koʻra koʻp odamlar bilan ishlaydiganlarga (misol uchun tibbiyot xodimlari, jamoat tashkilotlarida ishlaydiganlar) ham emlanishi kerak, deb hisoblaydi.

Antibiotiklarni qachon qabul qilish kerak?  
Shamollash kasalliklari va grippga viruslar sabab boʻladi. Viruslarga antibiotiklar mutlaqo taʼsir qilmaydi. Shuning uchun ularni qabul qilishdan maʼni yoʻq.
Bakteriyalarga antibiotiklar har xil taʼsir qiladi: yo butunlay mavh etadi yoki rivojlanishiga yoʻl qoʻymaydi. Masalan, penisillinlar, bakteriya hujayralarining sintezlanishiga yoʻl bermaydi, natijada hujayra yoriladi va bakteriya halok boʻladi.

Shundan kelib chiqib xulosa qilish mumkinki, antibiotiklarni bakterial infeksiyali kasalliklarda qoʻllagan maʼqul. Gohida ular ham viruslar bilan birgalikda rivojlanishi mumkin. Bakteriya zaiflashgan immun tizimi orqali organizmga kiradi. Pnevmoniya, tonzillit, sistit, meningit kabi kasalliklarni odatda bakteriyalar chaqiradi va bunday hollarda antibiotiklardan foydalanish kerak.