Namanganda oʻzini daryoga tashlagan ayolni qutqargan Milliy gvardiya xodimini kuchli oqim olib ketdi

Namanganda oʻz joniga qasd qilmoqchi boʻlgan ayolni qutqargan Milliy gvardiya xodimi qidirilmoqda

Foto: Uzavtoyol.uz

Milliy gvardiya xabariga koʻra, hodisa bugun, 10 fevral kuni sodir boʻlgan.  Namanganning Uychi tumani hududidan oqib oʻtuvchi Norin daryosi koʻprigida xizmat faoliyatini olib borayotgan Milliy gvardiya qoʻriqlash xizmati xodimi A.Abdulvohidov daryoda choʻkayotgan ayolni koʻrib qolgan va zudlik bilan yordamga shoshgan.

Ayol ayni damda ruhiy kasalliklar dispanserida roʻyxatda turuvchi, 1994 yilda Namangan tumanida tugʻilgan N.O. boʻlgan. Aniqlanishicha, u suitsidga qoʻlga urgan va oʻzini daryoga tashlagan.

Hodisa sodir boʻlgan joyda xizmatda boʻlgan xodim ayolni kuchli oqim domidan olib chiqib, qirgʻoqdagi sherigiga topshirgan. Ammo qish faslidagi suv haroratidan tomirlari tortishib qolishi natijasida, daryoning kuchli oqimi uni olib ketgan.

Qutqarilgan ayol zudlik bilan shifoxonaga yetkazilib, hozirda holat yuzasidan tegishli organ xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ammo oʻz qasamyodiga sodiq holda xizmatga shay boʻlgan, bir insonning hayotini saqlab qolgan xodimning oʻzidan hozirgacha darak boʻlmayapti.

Ayni paytda xaloskor xodimni qidiruv – qutqaruv ishlari olib borilmoqda.