Mojarodan soʻng 24 mingdan ortiq qozogʻistonliklar Qirgʻizistonga ketdi

Korday tumanida yuz bergan ommaviy tartibsizliklardan soʻng 24 mingdan ortiq aholi chegara nazorat oʻtish joylari orqali Qirgʻiziston hududiga oʻtdi. Bu haqda Sputnik Qozogʻiston xabar qildi.

Foto: Sputnik

“Bugun Auxatti, Qorasu oʻtish punktlarida boʻldik. Chegaradan oʻtish boʻyicha hech qanday cheklovlar yoʻq. Hozirgi vaqtda Qirgʻiziston tomon 24 ming kishi oʻtdi. Kechadan beri oqsoqollar, ayollar va yoshlar qaytmoqda”, – dedi Qozogʻiston bosh vazir oʻrinbosari Saparbayev.

Taʼkidlanishicha, Qirgʻizistonga oʻtgan 4 mingdan ortiq qozogʻistonliklar uylariga qaytishdi.

Eslatib oʻtamiz, 7 fevral kuni Jambil viloyati Korday tumani Masancha qishlogʻida ommaviy mushtlashuv boshlangan. Tartibsizliklar oqibatida 10 kishi halok boʻldi, 40 kishi jarohat oldi. Politsiya 50 kishini qoʻlga oldi.

Oʻt qoʻyish oqibatida 30 ta uy, 15 ta doʻkon va 23 dona avtomashiga zarar yetkazildi. Voqea joyida hukumat komissiyasi tekshiruv ishlarini olib bormoqda.