O‘zbekistonda Jinoyat kodeksining yangi tahriri ishlab chiqiladi

O‘zbekistonda Jinoyat kodeksining yangi tahriri ishlab chiqiladi. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekistonning milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da so‘z boradi.

Foto: Gazeta.uz

Qayd etilishicha, tegishli qonun loyihasi 2020-yil davomida ishlab chiqiladi. Mas’ul ijrochilar — Bosh prokuratura, IIV, DXX, Oliy sud, Adliya vazirligi.

Shuningdek, 2021-yilga qadar jinoiy harakatlar natijasida jabrlangan shaxslarning (jabrlanuvchilarning) huquqlarini himoya qilish va amalga oshirishning huquqiy asoslarini ishlab chiqish, yetkazilgan moddiy yoki ma’naviy zarar uchun kompensatsiya kafolatlari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi va tashkiliy chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari, ushlangan shaxsni videoga yozish, unga protsessual huquqlarini tushuntirish va advokatni rad etish tartibi joriy qilinadi. Ushlab turilgan shaxsning yaqin qarindoshlarini, ular mavjud bo‘lmasa, boshqa qarindoshlarini bu haqda darhol xabardor qilish majburiyati huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga yuklanadi.

Shu bilan birga, prokuror yoki tergovchining jinoyat ishini qo‘zg‘atish, jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish, tergovni tayinlash, tergovni yoki dastlabki tergovni to‘xtatish va jinoyat ishini tugatish to‘g‘risidagi qarorlari bo‘yicha manfaatdor shaxslarning sudga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilishi tartibi joriy etiladi.