Koronavirus sabab Oʻzbekistonda Chevrolet Equinox’ning yetkazib berilishi kechikishi mumkin

Bugungi kunda avj olayotgan koronavirus sababli koʻpgina avtomobil ishlab chiqaruvchilarda Xitoyda ishlab chiqariladigan ehtiyot qismlarni yetkazib berilishida muammo yuzaga kelgani sababli oʻz zavodlarida ishlab chiqarishni vaqtincha toʻxtatib qoʻyishdi.

Foto: UzAutoMotors

Ushbu favqulodda vaziyat tufayli, Chevrolet Equinox avtomobilining yetkazib berilishi ham mintaqadagi epidemiya bilan bogʻliq vaziyat oʻzgarmagunga qadar kechiktirilishi mumkin.

Chevrolet Equinox avtomobilini sotib olish uchun shartnoma pulini toʻlagan va avtomobil yetkazib berilishi qayta tiklanishini kutishni istamagan mijozlar belgilangan tartibda toʻlangan summani qaytarib olishlari mumkin. Shuningdek, UzAuto Motors dilerlik markazlaridan boshqa har qanday avtomobilni sotib olish uchun shartnomani almashtirishlari mumkin boʻladi.

Eslatib oʻtamiz, Chevrolet Equinox avtomobili uchun shartnomalar 2019-yilning 27-dekabridan eʼtiboran kuni UzAuto Motors kompaniyasining Oʻzbekistondagi barcha dilerlik doʻkonlarida boshlangan.

Kompaniya yuzaga kelgan vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr soʻraydi va mijozlarning tushunishidan umidvor. Mazkur avtomobilni yetkazib berishni qayta tiklanishi toʻgʻrisida kompaniyaning rasmiy manbalarida xabar beriladi.