Toshkentda Xalqaro qilichbozlik akademiyasi ochiladi

Oʻzbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda poytaxtdagi qilichbozlik markazi bazalarida Xalqaro qilichbozlik akademiyasi ochiladi, deya xabar qildi Milliy olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmati.

Foto:  Milliy olimpiya qo‘mitasi

Akademiyada sportning ushbu turi boʻyicha murabbiylar va hakamlar tayyorlanadi.

Akademiyani tashkil etish masalasi 4 fevral kuni Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi Ijroqoʻm vakillari Aze Erika, Novak Perovich va Vitaliy Logvin ishtirokidagi uchrashuvda muhokama qilindi.

“Bu Oʻzbekistonga qilgan ilk tashrifim emas. Bundan avval 2015 yil kadetlar va yoshlar oʻrtasida oʻtkazilgan jahon chempionati vaqtida Toshkentga kelganman. Shuni aytishim mumkinki, mazkur musobaqa yoshlar miqyosida tashkil qilingan eng yaxshi dunyo birinchiliklaridan biri boʻlgan edi. Oʻzbekistonda barcha sohada tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Biz ham bunday imkoniyatlar zaminida qilichbozlikni rivojlantirish uchun qoʻlimizdan kelgan yordamni ayamaymiz”, — dedi Novak Perovich.

Ulashish