Tibbiyot kolleji talabalari ishtirokidagi voqea yuzasidan UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari bayonot berdi

0

Toshkentdagi Tibbiyot kolleji talabalari ishtirokidagi voqea yuzasidan UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann bayonot berdi. Bayonot matni quyidagicha va u UNICEF‘ning saytida joylashtirilgan:

Foto: UNICEF

“Toshkent, 7-iyun 2017-yil – “1-iyun kuni vafot etgan Toshkent Tibbiyot kolleji talabasi 17 yoshli Jasurbek Ibrohimov oilasiga chuqur va samimiy ta’ziya izhor etamiz.

O‘quv muassasalaridagi bezorilik masalasi dunyo miqyosida borgan sari tashvishli masalaga aylanib boryapti, va har kuni, har yerda bolalarni zo‘ravonlikning qurbonlariga aylantiryapti.

Juda ko‘p odamlar o‘quv muassasalaridagi bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka ko‘z yumadilar. Shu bilan birga zo‘ravonlikka uchragan juda ko‘p bolalarda bu to‘g‘rida ochiq gapirish, ishonchli katta inson bilan o‘rtoqlashish, o‘zlariga xavfsiz muhit topish uchun ishonch va vosita bo‘lmaydi.

Bu singari holatlarni hal etish uchun muallim va ota-onalarni o‘qitish, bolalarni zo‘ravonlikning barcha turlaridan himoya qiluvchi odob-axloq qoidalarini ishlab chiqish va ularni qo‘llash singari yo‘llar mavjud.

Tengdoshlar orasida jismoniy va og‘zaki shakllardagi bezorilik mamlakatlar bo‘ylab keng tarqalgan. Xo‘rlash va ijtimoiy jihatdan chetlatish singari bilvosita bezorilik ham bolalarni xavf ostiga qo‘yadi. Bezorilik xulq-atvori ko‘pincha jamiyatda muayyan guruhlarga nisbatan ustunlik, stigma va kamsitishni aks ettiradi.

Ijtimoiy dinamika vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishi hamda Internet va uyali telefon singari axborot va kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish o‘sib borayotgani bois bolalar xo‘rlashning yangi shakllariga tobora duch kelmoqdalar.

UNICEF bezorilik masalasini hal etishda dunyodagi ko‘pgina mamlakatlarga yordam bermoqda. Quyidagi oltita strategiya ko‘pgina mamlakatlarda foydali deb topildi: 1) ota-onalar, bolani parvarish qiluvchilar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash; 2) bolalar va o‘smirlarga xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashishni boshqarishda yordam berish; 3) zo‘ravonlik va tahqirlashga olib keluvchi munosabat va ijtimoiy normalarni o‘zgartirish; 4) muallimlar va rasmiy shaxslarni bolalarga tegishli xizmat ko‘rsatish borasida o‘qitish; 5) bolalarni himoya qiluvchi qonun va siyosatni amalga oshirish; va 6) ma’lumotlarni yig‘ish va tadqiqotlar o’tkazish.

UNICEF bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha turlariga, jumladan ta’lim muassasalarida bezorilikka qarshi kurashda hukumatning sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun tayyor”.