Farg‘onada ona-bola hamshirani kaltaklab, burnini sindirdi

Bugun, 28-yanvar kuni, Farg‘ona shahridagi 2-oilaviy poliklinikada kaltaklangan hamshiraning holati aks etgan surat ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. SSV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, vaziyat Farg‘ona viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutaxassislari tomonidan o‘rganildi.

hamshira
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Ma’lum bo‘lishicha, voqea ultratovush tekshiruvi (UTT) o‘tkaziladigan xonada yuz bergan. Ultratovush tekshiruvi o‘tkazuvchi shifokor Mashhura Toshmatova va unga biriktirilgan hamshira Matluba Ma’murova bemorlarni navbat bilan qabul qilishayotganda bemor qiz va uning onasi tibbiyot xodimlariga tajovuz qilib, hamshirani kaltaklagan.

“Fuqarolarni navbat bilan qabul qilib tekshiruvdan o‘tkazayotgan edik. Navbat 1992-yilda tug‘ilgan bemor qizga yetib kelganida u bilan birga xonaga yosh bola ko‘targan ona ham kirdi. Yosh bolali ayol bolasi kasalligi, injiqlik qilib tinimsiz yig‘layotgani, tashqarida ham 3 yoshli farzandi sovuqda izillab turgani, ikkita bola bilan qiynalib ketganini aytib, navbatsiz ko‘rikdan o‘tkazib qo‘yishni iltimos qildi. Shunda men navbati yetib kirgan qizga ‘Agar rozi bo‘lsangiz shu bolali ayolni sizdan oldin ko‘rib qo‘ysam’, deb ruxsat so‘radim. Qiz esa taklifimga ko‘nmay, o‘zining kasal ekanini aytib, navbatini bermadi. Shu bois uning o‘zini tekshirishni boshladim. Shu jarayonda qizga yosh bolali ayolga navbatini bersa, qanchalik savob ish qilgan bo‘lishi mumkinligini tushuntirib nasihat qildim”, — deydi shifokor Mashhura Toshmatova.

Shifokor qizni tekshiruvdan o‘tkazib, belgilangan tartibda tashxisni yozib bergan, qiz esa eshitgan nasihatidan asabiylashib, xonadan chiqib ketgan. Ko‘p o‘tmay xonaga onasi bilan kirib kelgan. Ayol UTT xonasiga kiriboq “Nega qizimni haqorat qilasanlar?” deb baqira boshlagan. Tibbiyot xodimlari vaziyatni tushuntirishsa ham, ayol ularni eshitmay UTT shifokoriga elektr choynakni otib yuborgan.

Shunda hamshira ayolni tinchlantirmoqchi bo‘lib, uning yoniga kelganida jazavaga tushgan ona va bola hamshiraga ochiqchasiga tajovuz qilib, qo‘li bilan urib, oyoqlari bilan tepib tan jarohati yetkazgan. To‘polonni eshitgan boshqa xodimlar xonaga chiqib, ona va bolani tashqariga olib chiqib ketgan. Poliklinika ma’muriyati darhol tez tibbiy yordam bo‘limiga, voqea haqida profilaktika inspektoriga xabar bergan.

Yetib kelgan tez yordam mashinasi yuzi qonga belanib, hushidan ketgan hamshirani o‘ziga keltirib, birinchi yordam ko‘rsatgach, og‘ir holatda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialiga olib ketgan. Hamshiraga yopiq kalla-miya jarohati, bosh miya chayqalishi, burun suyagi sinishi, burundan qon ketishi tashxisi qo‘yilgan.

Hudud profilaktika inspektori, leytenant Abduvali Qo‘chqorovning ma’lum qilishicha, hozirda mazkur holat bo‘yicha zarur hujjatlar yuritilib, dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

“Shuni ta’kidlash joizki, yuqoridagi janjalkash ona-bola o‘tgan yil 18-yanvar kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali 3-tez tibbiy yordami podstansiyasi hamshirasi Dilafro‘z Bozorovani ham sababsiz haqorat qilib, tahdid qilganda arang qochib qolganligi qayd etilgan. Ushbu holatga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmagan edi. O‘ylaymizki, bu safar mazkur voqeaga tez orada huquqiy baho beriladi”, — deyiladi vazirlik xabarida.