Oʻzbekistonda taʼlim sifatini nazorat qiluvchi inspektsiya ochiladi

0
399
marta oʻqilgan

Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi ochiladi. Bu haqda Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vaziri birinchi oʻrinbosari Inomjon Madjidov Xalqaro Press-klub yigʻilishida maʼlum qildi.

Foto: Xalqaro Press-klub

“Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi ochiladi. Idoraning asosiy maqsadi — taʼlim va oʻquv-tarbiya jarayonlari sifati ustidan samarali davlat nazoratini oʻrnatishdir”, — dedi I.Madjidov.

Shuningdek, taʼlim dargohlari oʻrtasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida xorijiy muassasalar bilan birgalikda “ikki diplom” (Double Degree) integratsiyalangan magistrlik dasturlari, iqtidorli oʻqituvchilar uchun akademik harakatlar (Academic Mobility Programs) loyihalarini joriy etish, shuningdek, 1 semestr davom etuvchi talabalar almashinuvi (Student Exchange and Mobility Programs)ni yoʻlga qoʻyish taklif etilmoqda.

Oliy oʻquv yurtlariga qabul kvotalari 18%ga oshirish va OTMlar oʻquv dasturlariga kamida 350 yuqori malakali mutaxassislar, oʻqituvchi va olimlarni jalb qilish koʻda tutilgan.

“Qabul kvotasi oʻtgan yilga nisbatan deyarli 10 mingtaga, 57 907 dan 66 316 taga koʻpaytirildi. Shuningdek, toʻlov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi boʻyicha qoʻshimcha qabul joriy etilmoqda. 2016 yilda tahminan 663 ming kishi OTMlarga hujjat topshirgan boʻlsa, bu yili abituriyentlar soni 700 mingdan ortiq boʻlishi kutilmoqda. OTM talabalari sonini koʻpaytirish, oʻz oʻrnida, yetuk maʼnaviy va intellektual salohiyat va mustaqil fikrga ega qilib tarbiyalash orqali davlat yoshlar siyosatini amalga oshirishda yordam beradi”, — deb qoʻshimcha qildi I.Madjidov.

Xalqaro Press-klub anjumanda Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirligi, Davlat Test Markazi, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti, Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat texnika universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent Davlat yuridik universiteti rahbariyati hamda ekspertlar, mahalliy va xorijiy OAV vakillari ishtirok etdilar.