O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Aida Yunusova vafot etdi

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Aida Yunusova 72 yoshda vafot etdi. Bu haqda “O‘zbekkino” matbuot xizmati ma’lum qildi.

Aida Yunusova 1948-yilda Farg‘onaning Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan. 1970-yili teatr va rassomchilik institutining drama teatri va kino fakultetini tamomlagan. Talabaligining oxirgi kursida rejissorlar e’tiboriga tushib, kinoga taklif qilingan.

Aktrisa uzoq vaqt davomida turli rollar ijro etgan. Jumladan, “Ajoyib xayolparast”, “Chinor ostidagi duel”, “Olovli yo‘llar”, “Oltin kuz”, “Mehrigiyo”, “Zulmatni tark etib”, “Karvon”, “Anor”, “Birinchi yo‘lovchilar” kartinalarida qatnashdi.

Aktrisa sifatida 1989-yilgacha “O‘zbekfilm”da faoliyat ko‘rsatdi. Shundan so‘ng kinoni tark etdi. Ma’lum tanaffusdan so‘ng yana kinoga qaytdi va ekranda ko‘rina boshladi. Aida Yunusova og‘ir xastalikni boshdan kechirgandi.

O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasidan ma’lum qilishlaricha, aktrisaning janozasi 22-yanvar kuni peshinda bo‘lib o‘tadi.

Ulashish