Fuqarolarning manfaatiga xizmat qilmaydigan qonunlar qabul qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligi shart – Shavkat Mirziyoyev

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisidagi nutqida deputatlar oldida turgan dolzarb vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.

Foto: Prezident.uz

– Deputat, avvalo, hamisha xalq dardi bilan yashashi, odamlarni qiynayotgan muammolarni hal qilish uchun fidoyilik ko‘rsatib boshqalarga o‘rnak bo‘lishi lozim. Deputatning qalbi, vijdoni uyg‘oq bo‘lsa, vazirlar ham, hukumat ham, parlament ham uyg‘oq bo‘ladi, – dedi Prezident.

Quyi palata har bir qonun loyihasi bo‘yicha xolis bahs-munozara va tortishuvlar makoniga, turli ijtimoiy manfaatlar o‘rtasidagi kurash maydoniga, chinakam demokratiya maktabiga aylanishi zarurligi ta’kidlandi.

O‘tgan besh yil davomida palata faoliyati sezilarli darajada jonlanib, 540 ta qonun yoki 2010-2014 yillardagiga nisbatan 2 barobar ko‘p qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeks, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks, Saylov kodeksi kabi muhim hujjatlar qabul qilindi.

Shuningdek, oxirgi ikki yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonunlar ishlab chiqila boshlandi.

Quyi palataga kiritilgan har bir qonun loyihasi bo‘yicha joylarda jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Shundan so‘ng 400 dan ziyod qonun loyihasidagi mingga yaqin normalar fuqarolarimiz bildirgan takliflar asosida takomillashtirildi. Aholi tomonidan bildirilgan fikrlar, tanqidiy mulohazalar inobatga olinib, 16 ta qonun loyihasi rad etildi va tashabbuskor idoraga qaytarildi. Holbuki, 2010-2014-yillarda birorta ham qonun loyihasi qaytarilmagan edi.

Shavkat Mirziyoyev deputatlar asosiy e’tiborni qonunlar xalq manfaatini qanchalik ifoda etishiga qaratishi lozimgini ta’kidladi.

– Darhaqiqat, xalq vakillari bo‘lgan deputatlar o‘z vakolatiga asoslanib, jasur, talabchan va qat’iyatli bo‘lishi, fuqarolarning manfaatiga xizmat qilmaydigan qonunlar qabul qilinishiga yo‘l qo‘ymasligi shart. Har bir qonunning, ta’bir joiz bo‘lsa, ko‘zi, oyog‘i, ijrosi bo‘lishi lozim. Qonun qabul qilindimi, albatta, hayotda o‘zgarish bo‘lishi kerak, – dedi Prezident.