Shahar prokuraturasining xatosi tufayli Grigoryanning mudhish oʻlimi suratlari Uznetda tarqalib ketdi

Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan joriy yilning 15-yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda xususan, Instagram, Facebook hamda Telegram messenjeridagi sahifalari va kanaliga joylashtirilgan ish oʻrganuvchilarni “jinoyat sodir boʻlgan voqea joyiga olib chiqib oʻqitish jarayonida olingan suratlar asosida tayyorlangan videoroligi” haqida bayonot berdi.

Operatorning xatosi tufayli ijtimoiy tarmoqdagi tashkilotning rasmiy sahifalariga chiqib ketgan videoda bir necha kun avval Toshkentda oʻldirib ketilgan dizayner Narimon Olimjonov (Grigoryan)ning qonga belanib yotgan murdasi rasmi aniq-tiniq koʻrsatilgan. Undan tashqari oʻlikxonadagi bir qancha tasvirlar ham ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarda chop etilgan.

Shahar prokuraturasining aytishicha, bu tasvirlar ichki xizmatda foydalanish uchun tayyorlangan boʻlib, rasmiy sahifalarga joylashtirish uchun tayyorlangan boshqa 4 ta material bilan birgalikda operator xatosi bilan yuklangan.

Shu sababli, Toshkent shahar prokuraturasi zudlik bilan ushbu videorolikni rasmiy kanaldan olib tashlash choralarini koʻrgan va fuqarolardan mazkur holat uchun uzr soʻragan. Biroq, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan ushbu materiallar saqlanib qolingan va ayni vaqtda Telegramdagi turli kanal va guruhlarda ulashib kelinmoqda.