O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi tarkibiga qo‘shilish talablarini bildirdi

O‘zbekiston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilgan taqdirda hukumat bir qator sohalar uchun imtiyozlar hamda mehnat muhojirlari uchun keng qamrovli amnistiya olishni istaydi. Bu haqda O‘zbekiston TIVdagi manbalariga tayanib “Kommersant” nashri xabar bermoqda.

Foto: Ria Novosti

Xabarda aytilishicha, hozirda Rossiya migratsiya qonunchiligini buzganligi uchun yuz minglab o‘zbekistonliklar Rossiyaga kira olmayapti.

Moskva ushbu integratsiyaga Toshkentni jalb qilishdan manfaatdor.

Kommersant manbasiga ko‘ra, O‘zbekiston bir qator sohalar uchun imtiyozli o‘tish davri (ayrimlari uchun hatto o‘n yilgacha) istamoqda.

Rossiya TIV, shuningdek, O‘zbekiston MDHdagi eng yirik savdo, iqtisodiy hamkorlaridan biri ekanligini eslatib o‘tdi. Rossiya Federal bojxona xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2018 yilda mamlakatlararo savdo aylanmasi 2017 yilga nisbatan 29 %ga oshib, $4,4 mlrdga yetgan.

Rossiya O‘zbekistonning jahondagi eng yirik tashqi savdo hamkorlaridan biridir. Mamlakatimiz tashqi savdosidagi 16.9 % ulushi bilan ruslar 19 % ulushga ega Xitoydan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.

Sergey Lavrovning aytishicha, ikkala mamlakat savdo aylanmasini kamida $10 mlrdga yetkazishni ko‘zlagan.