Markaziy Osiyodagi eng baland teleminora 35 yoshga toʻldi

2020-yilning 15-yanvar kuni  375 metrlik Toshkent teleminorasi 35 yoshga toʻldi. Inshoot balandligi boʻyicha markaziy Oiyoda birinchi, MDHda esa ikkinchi oʻrinda turadi.

Foto: Sputnik

Teleminora dunyo boʻyicha 11 pogʻonani egallab turibdi. Uning ichiga kirish va sayr qilish uchun chipta narxi 35 ming soʻmni tashkil etadi. 7-16 yoshgacha boʻlganlar uchun esa chipta narxi 15 ming soʻm. Dam olish kunlarida narxlar 5000 soʻmdan oshiriladi.

Shuningdek, mehmonlarga qulaylik yaratish maqsadida minora ichida QR-kodli tizim qurilmalari oʻrnatilgan. 2019-yil 16-noyabrdan boshlab esa teleminoraga chiqish uchun pasport talab etish tartibi toʻxtatilgan.

Balandligi 375 metr boʻlgan teleminorani qurish ishlari 1978-yilda boshlanib, 1984-yilda tugatilgan. 1985-yil 15-yanvarda faoliyat yurita boshlagan. Minoraning 100 metr balandlikdagi qismida tomosha maydonchasi joylashgan. Bundan tashqari koʻk va qizil zallar boʻlib, ayni damda qizil zalda taʼmirlash ishlari olib borilmoqda.

Minoraning qolgan boshqa qavatlari texnik qavatlar hisoblanadi.  Shaxtaning ichidan uchta lift oʻtgan. Birinchi va uchinchilift mehmonlarga, ikkinchi lift esa ishchilar uchun moʻljallangan. Teleminoraning ogʻirligi texnikasiz  6000 tonna, texnikalar bilan 16.000 tonna hisoblanadi.

Minora qaddini koʻtarib turgan 3 ta oyoqlarining har biri 90 metrdan, ogʻirligi esa 540 tonnadan iborat.