O‘zbekistonda 2020-yil qanday yil bo‘lishi aytildi

Toshkentdagi “Milliy” stadionida sport jihozlari ortilgan xayriya karvonini kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Karvonni kuzatish marosimida soʻzga chiqqan senat raisi Tanzila Norboyeva prezidentning yoshlarga alohida eʼtibor berishga qaratilgan siyosati haqida soʻz yuritdi.

“2020-yil yoshlarimizni rivojlantirish, yoshlarga yanada koʻproq sharoit yaratib berish yili boʻladi. Oʻzbekiston aholisining 65 foizini yoshlar tashkil qiladi. Kelajak yoshlar qoʻlida, shuning uchun yoshlar qanchalik sogʻlom, bilimli va salohiyatli boʻlishsa, kelajagimiz ham porloq boʻladi”, deydi Tanzila Norboyeva.

Tanzila Norboyevaning aytishiga qaraganda, bugungi kunda Oʻzbekistonda yoshlarning salomatligini yaxshilash, ularga bilim berish, dunyoqarashini kengroq qilish, asosiy vazifa bulib turibdi. Bugun taʼlim, sport sohalarda boshlangan islohotlar bir necha yildan keyin oʻz natijasini beradi. Sogʻlom tanda sogʻ aql boʻladi, deydi Norboyeva.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyatlar hamda Toshkent shahri yoshlariga joʻnatilgan ushbu xayriya karvonidan umumiy qiymati qariyb 50 milliard soʻmlik qiymatga teng 96 turdagi sport jihozlari, inventarlari va kiyimlari joy olgan. Ular 230 ta bolalar va oʻsmirlar sport maktablariga hamda 7 542 ta umumtaʼlim maktablariga yetkazib beriladi.

Eslatib oʻtamiz, 2019-yilning 27-dekabrida “2020-yil yoshlarga oid davlat siyosati tub burilish yili boʻladi”, degan edi. Shundan soʻng prezidentning 5 ta tashabbusi eʼlon qilindi. Ular orasida yoshlar orasida sanʼat, sport va kitobxonlikni rivojlantirish tashabbuslari ham bor.