Dizayner Narimon Grigoryan jasadi topilganidan 3 kun avval o‘ldirib ketilgani ma’lum bo‘ldi

Avvalroq taniqli dizayner Narimon Grigoryanning jasadi joriy yilning 14-yanvar kuni qotillik alomatlari bilan topilgan haqida xabar berilgandi. Bosh prokuratura ham ushbu xabarni tasdiqladi.

Foto: UzNews

Ma’lumotlarga qaraganda Narimon Grigoryan uch kun avval o‘ldirib ketilgan. Dizaynerning Instagram’dagi sahifasiga esa uning jasadi topilishidan ikki kun avval surat joylangan. Bu ma’lumotlar Bosh prokuratura tomonidan tasdiqlandi.

14-yanvar kuni soat 11:50 larda Yashnobod tumani IIO FMB navbatchilik qismiga Yashnobod tumani, Chigil ko‘chasida joylashgan xonadonning mehmonxonasidan, ushbu xonadonda ijarada istiqomat qilib kelgan 1985-yilda tug‘ilgan Narimon Grigoryanning murdasi qotillik alomatlari bilan topilgani haqida xabar kelib tushgan.

Mazkur holat yuzasidan shu kuni Yashnobod tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi Toshkent shahar prokuraturasi ish yurituviga olinib, malakali tergovchilaridan iborat tezkor-tergov guruhi tuzilib, jinoyatni fosh etish choralari ko‘rilmoqda.

Narimon Grigoryan o‘zbekistonlik taniqli dizayner, xalqaro moda namoyishlari, tanlovlari va festivallari ishtirokchisi edi. U 2004—2008-yillarda O‘zbekiston raqs akademiyasida tahsil olgan. U Toshkentda “by Nariman Grigoryan” brendi ostidagi moda uylariga egalik qilardi.