Putin Rossiya konstitutsiyasini o‘zgartirishni taklif qildi. Bu qanday o‘zgarishlar?

15-yanvar kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Federal yig‘ilishga (parlament) murojaat qildi. U murojaatnomasida konstitutsiyaga prezident va hukumatning boshqa institutlari o‘rtasida vakolatlarni qayta taqsimlashni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlarni taklif qildi. Putin bugungi murojaatida yana qanday mavzularni tilga oldi, deb yozadi Kun.uz nashri.

Foto: Kun.uz

Putinning so‘zlariga ko‘ra, u 1993-yilda qabul qilingan konstitutsiya o‘rniga yangisini ishlab chiqishga zarurat ko‘rmayapti, shu bilan birgalikda, u mamlakatning asosiy qonuniga ayrim o‘zgartirishlar kiritish zarur deb hisoblaydi.

Konstitutsiyani isloh qilish bo‘yicha

  • Mamlakatda 25 yildan kam bo‘lmagan vaqt mobaynida yashagan va hech qachon xorij fuqaroligini yoki xorijda vaqtinchalik yashash huquqini olmagan shaxslar Rossiya prezidentligiga saylanishi mumkin.
  • RF regionlari rahbarlari, parlament, hukumat a’zolari va sudyalar ham boshqa davlat hududida doimiy yashashga ruxsat beruvchi hujjatga ega bo‘lmasligi darkor.
  • Prezident lavozimini bir kishi ketma-ket ikki martadan ortiq egallashi mumkin emasligi borasidagi me’yorni o‘zgartirish mumkin.
  • Bosh vazir, uning o‘rinbosarlari va vazirlarni davlat dumasi tasdiqlashi lozim.
  • Prezident davlat dumasi tomonidan tasdiqlangan nomzodlarni rad qila olmaydi, ammo bosh vazir, uning o‘rinbosarlari va vazirlarni bo‘shata oladi.
  • Kuch ishlatish organlari rahbarlari va hududiy prokurorlarni tayinlashda prezident federatsiya kengashi bilan maslahatlashishi shart bo‘ladi. Bu tuzatishlar bo‘yicha umumxalq ovoz berish jarayoni o‘tkazilishi lozim.

Demografiya va ta’lim bo‘yicha

  • Onalik kapitali birinchi farzand uchun ham to‘lanadi. Uning miqdori — 466 ming rublni tashkil etadi. Ikkinchi farzand uchun 616 ming rubl to‘lanadi.
  • Kam ta’minlangan oilalar uch yoshdan yetti yoshgacha bo‘lgan farzandlari uchun oylik nafaqat oladi. 2020-yilda yashash minimumining yarmi miqdorida, kelgusida yashash minimumining to‘liq miqdorigacha oshirilishi mumkin.
  • Barcha 1-4-sinf o‘quvchilari maktabda bepul ovqatlanadi. Sinf rahbarlari 5 ming rubl ustama oladi.
  • Oliy o‘quv yurtlarida bepul o‘rinlar soni oshiriladi.

Ushbu takliflar ortidan bosh vazir Dmitriy Medvedevning hukumati to‘liq tarkibda iste’foga chiqdi. Putin Medvedev uchun Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari lavozimini taklif qildi.

Eslatib o‘tamiz, Vladimir Putin o‘tgan yil dekabrda o‘tkazilgan matbuot anjumanida konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritilishi ehtimoli to‘g‘risida gapirgandi. Ammo o‘shanda gap faqatgina prezidentlik muddati to‘g‘risidagi moddadan «ketma-ket» degan so‘zni chiqarib tashlash haqida borgandi.