Paxta terimini mexanizatsiyalash jarayoni kuchaytiriladi

“Respublika hududlarida paxta hosili terimini mexanizatsiyalash darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” hukumat qarori 2020-yilning 14-yanvarida qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali orqali xabar berildi.

Qarorga muvofiq:

birinchi bosqichda (2020 — 2022-yillar) Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida;

ikkinchi bosqichda (2023 — 2026-yillar) respublikaning qolgan hududlarida paxta hosilini yigʻishtirib olishni mexanizatsiyalashni joriy etish jadallashtiriladi.

Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi paxta terish mashinalari xizmatidan foydalanganlik uchun xarajatlarning 30 foizini Moliya vazirligi tomonidan qoplab berish amaliyoti 2020-yilda saqlab qolinadi.

Qaror bilan 2020 — 2026-yillarda respublikada paxta terimini mexanizatsiyalash darajasini oshirish va paxta terish mashinalarini ishlab chiqarishni tashkil etish chora-tadbirlari rejasi maʼqullandi.

Shuningdek, “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ tizimidagi tashkilotlarga istisno tariqasida:

tender oʻtkazmasdan eng yaxshi takliflarni tanlab olish yoʻli bilan qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqarish uchun butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar sotib olishga, transport xizmatlari va boshqa xizmatlar boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga;

butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallarni import qilishda tovarlar erkin muomala (import) uchun chiqarishning bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan boshlab QQS toʻlashni 270 kun kechiktirib amalga oshirishga ruxsat berildi.