Abdulla Aripov: Bunaqangi demokratik jarayon O‘zbekistonda bo‘lmagan

Yangi saylangan deputatlar yaxshi natijaga erishish uchun, avvalo, ularga ishonib ovoz bergan xalqning xohish-istaklari va muammolarini o‘ylab ishlashi kerak. Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi yangi saylangan tarkibining 13-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan birinchi sessiyasida aytib o‘tdi, deb yozadi Daryo.

Foto: “Daryo”

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Yangi saylovlar — yangi O‘zbekiston” g‘oyasini ilgari surib, shunday tadbirlarni o‘tkazishga o‘zlari bosh-qosh bo‘ldilar. Darhaqiqat, bunaqangi demokratik jarayon O‘zbekistonda bo‘lmagan. Barcha hududlarda aholi ko‘tarinki ruhda demokratik jarayonlarda qatnashganiga guvohi bo‘ldingiz.

Deputatlar saylov jarayonlaridan katta raqobat bilan o‘tdi. Bundan buyog‘iga xalqimiz bildirgan yuksak ishonchni oqlash yo‘lida harakat qilayotgan vaqtingizda ularning xohish-istaklari, muammolarini esdan chiqarmasdan ishlasangiz, natija yaxshi bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Ochig‘i, shuncha yil davlat idoralarida ishlagan bo‘lsam, deputatlarning bunday faolligini ko‘rmaganman. So‘zga tayyorlanganlar ham, tayyorlanmaganlar ham ruhlanib gapirmoqda. Bu Toshkent shahri deputatlari Prezidentimiz boshlagan ishlarni eng yuqori saviyada bajarishga kamarbasta ekanligidan dalolat. Bu ishlarni amalga oshirishda biz ham sizlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Abdulla Aripov, O‘zbekiston bosh vaziri