Bosh prokuratura Nariman Grigoryanning o‘limi yuzasidan izoh berdi

Taniqli dizayner Narimon Grigoryan bugun, 14 yanvar kuni Toshkentda o‘ldirib ketilgani haqida avvalroq xabar qilingan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, marhumning jasadi u ijarada istiqomat qilib kelgan Yashnobod tumani, Chigil ko‘chasidagi xonadonning mehmonxonasidan qotillik alomatlari bilan topilgan.

Tegishli xabar Yashnobod tuman IIO FBM navbatchilik qismiga soat 11:50lar atrofida kelib tushgan. Tuman prokuraturasi holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.

«Jinoyat ishi Toshkent shahar prokuraturasi ish yurituviga olinib, malakali tergovchilaridan iborat tezkor-tergov guruhi tuzilib, jinoyatni fosh etish choralari ko‘rilmoqda. Natijasi haqida qo‘shimcha axborot beriladi», – deyiladi Bosh prokuratura ma’lumotida.

Narimon Grigoryan – O‘zbekistonning taniqli modeler va kiyim dizaynerlaridan biri, Nariman Grigoryan brendi asoschisi. U 2018 yilda Vogue China jurnali tomonidan «Yil kashfiyoti» nominatsiyasida eng yaxshi dizayner deb topilgan.