Buxoroda fuqarolarni o‘ylantirayotgan muammolar hal etilmoqda

0
309
marta oʻqilgan

Inson manfaatlarini ro‘yobga chiqarishda xalq bilan muloqot qilish, ularning dard-u tashvishlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini yaxshi bilish, yaqindan o‘rganish hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Foto: “Korrespondent O‘zbekiston”

Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol, fuqarolarning turmush sharoitlarini o‘rganish, joylarda mavjud muammolarni aniqlab, ularning hal etish choralarini ko‘rish, bu borada parlament nazorati samaradorligini kuchaytirish borasida joriy yilning 1-iyun kunidan boshlab Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida fuqarolar bilan uchrashib, jonli muloqotlar olib borishmoqda. Bu haqda Partiyaning Buxoro viloyat Kengashi matbuot kotibi Mohigul Abdullaeva bir haftalik amaliy harakatlar borasida xabar berdi.

Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qodir Jo‘raev ham tumandagi “Chandirobod” QFY hududida yashovchi fuqarolar bilan uchrashdi, ulardan kelib tushgan muammolarni o‘rganib, yechimini ijobiy hal etishga harakat qilmoqda. Xususan, “Chandir” mahallasida yashovchi fuqaro Yulduz Abdiyeva, Qoryog‘di Nurmatovlar kredit olish maqsadida bankka murojaat qilganliklarida qator muammolar paydo bo‘layotganligidan shikoyat qilishdi. Deputat bu borada “Xalq bank”ining tuman filiali bilan bog‘landi, masalani o‘z joyida hal etib, ijobiy natijaga erishildi.

Fuqaro Sulaymon Sultonov hududda 20 ga yaqin savdo do‘konlari soliq to‘lovining yuqori bo‘lganligi sababli faoliyat yurita olmayotganligi, terminallarning mavjud emasligi hamda narx-navoning nomutanosibligi to‘g‘risida shikoyat qildi. Masalani hal etish uchun tuman Davlat Soliq inspeksiyasiga havola etildi. Muammo tez kunlar ichida yechimini topadigan bo‘ldi.

Shuningdek, ushbu hudud fuqarosi, mahalla nuroniysi Xayrulla Yusupov, Sobir Xo‘jageldiyevlar fuqarolar nomidan hududdagi “Yangi hayot” QVPni tez tibbiy shahobchasiga aylanib qolayotganligi borasida o‘z e’tirozlarini bildirishdi. Dorixonalarning yo‘qligi to‘g‘risidagi muammolari bilan ham murojaat qilishdi. Deputat Qodir Jo‘rayev bu masalani daxldor tashkilotlar bilan o‘rganib chiqish hamda hal etishga va’da berdi.

Shuningdek, “Chandir 2” qishlog‘i fuqarolari Omongul Quvvatova, Jumaboy Quvvatovlar “Chandir 1” qishlog’idagi 13-umumta’lim maktabining uzoqligi, bolalar uchun yo‘lda yurish qiyinchilik tug‘dirayotganligi to‘g‘risida o‘z murojaatini aytib o‘tdi. Qodir Jo‘rayev ushbu masalaning ham ijobiy yechimini topib, tegishli tashkilotlar bilan o‘rganib chiqib, hal etishga va’da berdi.

Deputat nafaqat fuqarollar murojaatlarini o‘rganish, balki hududdagi 13-umumta’lim maktabining ijtimoiy ahvoli bilan tanishib chiqdi. To‘g‘ri, maktab 2006-yilda qurilgan bo‘lsa-da, ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. 80 nafar xodim faoliyat yuritib kelmoqda. Ammo maktabda muammolar yo‘q emas. Direktor Samandar Abdiyev o‘quv xonalarining kamligi, tushlikdan so‘ng o‘qishni davom ettiradigan o‘quvchilari uylariga yetib olishlari uchun kechga qolishlari, maktabda yig‘inlar zalining mavjud emasligi borasida murojaat qildi. Deputat Qodir Jo‘rayev ushbu masala yuzasidan o‘zining taklif va tavsiyalarini berdi hamda deputatlik nazoratini o‘rnatdi.

Tushgacha qariyb 20 dan ortiq fuqarolar bilan muloqot olib borilar ekan, ularning fikr va takliflari, mulohazalari o‘rganildi.

Xalq bilan muloqot olib borish, ulardagi mavjud muammolarni ijobiy hal etish insonlarning turmush farovonligini ta’minlashda katta ahamiyatga egadir. Ahamiyatlisi shundaki, mavjud shikoyatlarning deyarli barchasi o‘z joyida hal etilyapti. Muxtasar aytganda, Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolarining tashrifi ko‘pgina ijtimoiy muammolarning yechimini topishda imkon berar ekan, aholining mahalliy boshqaruv idoralariga ishonchini amaliy ishlar bilangina mustahkamlanishini, vakolatga yarasha talabchanlik, qat’iyat rahbarning bugungi faoliyatiga mos xususiyat bo‘lishi lozimligini ko‘rsatmoqda.