Ruhoniy Ukrainaga tegishli Boeing samolyoti falokatini fojiaviy xatolik deb atadi

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy eronlik harbiylar “Ukraina xalqaro avialiniyalari”ga tegishli Boeing 737 yo‘lovchi samolyotini xatolik sababli urib tushirganini tan oldi, deb xabar beradi “Kommersant”.

Foto: Meduza

8-yanvar kuni Tehron yaqinida Boeing 737 samolyotining qulashi oqibatida 176 kishi — 82 nafar eronlik, 63 nafar kanadalik, 11 nafar ukrain, 10 nafar shved, to‘rt nafar afg‘on, uch nafar nemis va uch nafar britaniyalik halok bo‘lgan edi. Eron hukumati aviahalokatga texnik nosozlik sabab bo‘lganini ta’kidlab, Boeing’ga raketa kelib urilganini rad etayotgandi. Oradan uch kun o‘tib Tehron falokat sababchisi ekanligini tan oldi.

Ruhoniy halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Eron ushbu “mudhish fojia va kechirib bo‘lmas xato” bo‘yicha tekshiruvlarni davom ettiradi.

“Ichki tekshiruv shuni ko‘rsatdiki, inson xatosi tufayli otilgan raketalar Ukraina samolyoti bilan dahshatli falokatni keltirib chiqarib, 176 begunoh odamning o‘limiga olib keldi. Eron mazkur fojiaviy xatodan chuqur qayg‘uda”, — deb yozadi Ruhoniy o‘zining Twitter’dagi sahifasida.