Gulnora Karimova sudda qatnashishdan bosh tortdi

Oʻzbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimovning katta qizi Gulnora Karimova oʻziga nisbatan qoʻzgʻatilgan yangi jinoiy ishlar boʻyicha boshlangan sud majlisida qatnashishdan bosh tortdi, deb yozadi Effect.uz nashri.

Foto: Effect.uz

Bu haqda Karimovaning shveysariyalik advokati Greguar Manja xabar qildi. 2019-yil dekabrda Bosh prokuratura Gulnora Karimovaga yangi jinoiy ish ochgandi. Bir necha kun oldin esa bu ish sudga oshirilgan va sud jarayoni boshlangan edi.

Greguar Manjaning yozishicha, Gulnora Karimova prokurorlar uning yoniga qurolli shaxslar bilan kelishgan. Qolaversa, hozir G.Karimova himoyachisiz qolgani aytilmoqda.

“Karimova advokatlarsiz qolgan. Bitta himoyachi 2019 yil oxirida rasmiylarning bosimi tufayli mijozning vakili sifatida ishdan boʻshatilgan, ikkinchisi jarayon boshlanishidan oldin Toshkentni tark etgan va xizmat safariga ketgan. Advokatlarsiz, himoyasiz bu sud emas”, deb yozgan Manja 8 yanvar kuni Tvitterda.

Bosh prokuratura dekabr oyida Gulnora Karimovaning xorijiy advokati Greguar Manjaning Oʻzbekistonga kirishini taqiqlab qoʻygandi. Avgustda ham Karimovaga nisbatan yangi ayblovlar qoʻyilgandi. Shuning uchun qamoqxonadalik paytida ham sud jarayoni boshlangani aytilgandi.

Bosh prokuratura xabariga koʻra, AQSH, Shveysariya, Fransiya, Rossiya va Latviya Gulnora Karimovaning jinoiy yoʻllar orqali topgan va ushbu davlatlarning ayrimlarida jinoyat ishlari doirasida 1,3 mlrd. dollardan ortiq daromadlarini qaytarish boʻyicha hamkorlik olib borilmoqda.

Tergov jarayonida aniqlanishicha, Rossiyaning “MTS” kompaniyasiga ham ancha zarar keltirgan Gulnora Karimova oʻziga yaqin shaxslardan iborat boʻlgan bir necha uyushgan jinoiy guruhlarni tashkil etgan holda jinoiy uyushmani boshqarib kelgan.