O‘zbekiston YeXHTning Iqtisodiy va ekologik masalalar qo‘mitasini boshqaradi

O‘zbekiston 2020-yilda YeXHT Doimiy Kengashining Iqtisodiy va ekologik masalalar qo‘mitasi raisi etib tayinlandi, deb xabar berdi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati. 2017-yildan 2019-yilgacha qo‘mitani Qozog‘iston boshqargan.

Foto: twitter.com/sherzod_asadov

Mamlakatimizning YeXHTdagi doimiy vakili, elchi Sherzod Asadov qo‘mita rahbari bo‘ldi. Ushbu qaror 9-yanvar kuni o‘tkazilgan konferensiyada qabul qilindi.

Iqtisodiy va ekologik masalalar qo‘mitasi YeXHT mintaqasidagi iqtisodiy va ekologik sohalarda hamkorlik va xavfsizlikka oid ko‘plab masalalarni, shu jumladan korrupsiyaga qarshi kurashish, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi, transport va logistika, migratsiya, axborot-kommunikatsiya va yashil texnologiyalarni rivojlantirish masalalarini nazorat qiladi.

Buyuk Britaniyaning YeXHTdagi doimiy vakili Neil Bush Xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi, Chexiyaning tashkilotdagi doimiy vakili Ivo Shramek esa Inson huquqlari qo‘mitasi rahbari etib tayinlandi.