O‘zbekistonda «Palov indeksi» joriy etiladi

Oʻzbekistonda eng ommaviy taom — “Palov indeksi” maʼlumotlari shakllantirilmoqda. Bu haqda Davlat statistika qoʻmitasi matbuot xizmati xabar qildi. “Palov indeksi”ni shakllantirish jarayoni bir necha bosqichdan iborat boʻladi.

Foto: www.chefs.uz

Qoʻmita tomonidan Oʻzbekistonning barcha hududiy markazlarida joylashgan yirik umumiy ovqatlanish muassasalari (jumladan, “Osh markazlari”)dagi 1 kg palov uchun sarflanadigan masalliqlar roʻyxati, shuningdek, ularning narxlari (qiymati) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar shakllantirilib borilmoqda.

Respublikaning barcha hududlarida 1 kg palov tayyorlash uchun sarflanadigan masalliqlar miqdori oʻrganib chiqilib, mamlakat boʻyicha oʻrtacha masalliqlar roʻyxatini shakllantirildi. Unga koʻra:

  • Oʻsimlik yogʻi (300 gr.);
  • Piyoz (300 gr.);
  • Mol goʻshti (700 gr.);
  • Sabzi (1 kg.);
  • Guruch (1 kg.);
  • Noʻxat (100 gr.);
  • Mayiz (50 gr.);
  • Ziravorlar (10 gr.);
  • Osh tuzi (5−10 gr.).

Bundan tashqari, hududlardagi umumiy ovqatlanish muassasalarida “1 porsiya” palovning oʻrtacha narxi roʻyxatga olinadi (1 hududdan kamida 3 ta muassasa). Shuningdek, 1 kg tayyor palovning qiymati (barcha sarf-xarajatlarini inobatga olgan holda) hamda maʼlum davriylikda 1 kg palov tayyorlash uchun sarflanadigan xarajatlar narxlarining oʻzgarishi hisoblab boriladi. Shakllangan tahliliy maʼlumotlarni maʼlum davriylikda eʼlon qilinadi.

Qoʻmitaning qayd etishicha, jahon mamlakatlari orasida aniq yoki doimiy isteʼmoldagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oʻzgarishi bilan oʻzlarining “shaxsiy inflyatsiya” darajalarini baholashgan. Mazkur baholash turlari har bir hududning individual sharoitlarini inobatga olgan holda shakllanib borgan. Shulardan dunyoda deyarli keng miqiyosda tarqalgan usul — “Big-Mak indeksi” hisob-kitobidir. Unga koʻra, bir xil standartga (tarkibiy masalliqlari jihatidan) taalluqli “gamburger”ning turli mamlakatlardagi narxlari roʻyxatga olinadi. Narxlarni roʻyxatga olishning aniq davriyligiga asosan, aynan shu mamlakatlarda mazkur turdagi “taom”ning oʻrtacha narxlari qayta roʻyxatga olinadi. Shakllangan maʼlumotlar asosida narxlar oʻzgarishi dinamikasi tahlil qilinadi.

Bu turli davlatlar valyutalarining haqiqiy ayirboshlash kurslarini aniqlash maqsadida, iqtisodchilar tomonidan 1986-yildan eʼtiboran bunday tadqiqotlar olib borilib, “The Economist jurnalida eʼlon qilinadi.