Juma, 24-Yanvar 2020

Yil davomida O‘zbekistonga 6,7 million sayyoh tashrif buyurdi — Davlat statistika qo‘mitasi

2019 yilda O‘zbekistonga 6,7 million sayyoh tashrif buyurdi (2018 yilda — 5,3 million). Bu haqda 10 yanvar kuni Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rahbariyati tomonidan o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.

Foto: The British-Uzbek Society

Ulardan 81,8 foizi o‘z qarindoshlari va do‘stlarini ziyorat qilish uchun O‘zbekistonga, 15,5 foizi esa hordiq chiqarish uchun kelgan. 2.7 foiz fuqarolar davolanish, xarid qilish, ish uchrashuvlari va o‘qishlarda qatnashish uchun kelgan.

Ularning orasidan aksariyat, ya’ni 51,3 foizini 31−55 yoshdagi kishilar (2018 yilda 52,1 foiz), 20,2 foizini 55 yosh va undan kattalar (2018 yilda 19,4 foiz), 19,5 foizini 19−30 yoshdagilar (2018 yilda 20,4 foiz) va 9,1 foizini 0−18 yoshlilar (2018 yilda 8,1 foiz) tashkil qiladi.

Eng ko‘p sayyohlar Markaziy Osiyo mintaqasidan kelgan — 5,7 million kishi. MDH mamlakatlaridan 495,6 ming sayyoh keldi. Uzoq xorijiy mamlakatlardan kelganlar soni 488,4 ming kishini tashkil etdi.

Sayyohlarning aksariyati Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Rossiya, Turkiya, Afg‘oniston, Xitoy, Koreya Respublikasi va Hindistondan kelgan.

Yil yakunlariga ko‘ra, turizm xizmatlarini eksport qilish hajmi 1,3 milliard dollarga yetdi (2018 yilda — 1 milliard dollar).