UzAuto Motors Nexia va yana uchta avtomobilni ishlab chiqarishni toʻxtatadi

UzAuto Motors 2022-2023-yillarda toʻrtta avtomobil modelini – Chevrolet Spark, Chevrolet Nexia, Chevrolet Cobalt va Daewoo Gentra ishlab chiqarishni toʻxtatishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi. “Narodnoye slovo“ xabariga koʻra, bu haqda “Oʻzavtosanoat“ AK strategik rejalashtirish, tahlil va rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi Rustam Qodirov maʼlum qillgan.

Foto: UzNews

Ishlab chiqarishni toʻxtatish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Kompaniya ushbu modellarning oʻrniga 10-15 ming dollarga baholanishi kutilayotgan Chevrolet Onixni taqdim etadi. Bundan tashqari, kompaniya narxi 10 ming dollargacha boʻlgan arzonroq avtomobillarni ham yetkazib berishni vaʼda qildi. Yangi modellar elektr transport vositalari boʻlishini istisno qilishmadi.

Eslatib oʻtamiz, UzAuto Motors tomonidan ishlab chiqarilgan Nexia 3 avtomobili 2019-yilda Oʻzbekistonda eng koʻp sotilgan avtomobil boʻldi.

2019-yilda UzAuto Motors ishlab chiqarilgan avtomobillar soni boʻyicha rekord oʻrnatdi, hajmi 220 mingdan 271 minggacha oʻsdi, bu 2018-yilga nisbatan 23,2 foizga koʻpdir. UzAuto Motors zavodlarida hozirda foydalanilayotgan Kaisen texnologiyasi tufayli aholi orasida mashhur boʻlgan Damas yengil avtomobillarining yillik ishlab chiqarish hajmi 40 dan 60 minggacha oʻsdi.

2019-yilda 100 mingdan ortiq mashina eksport qilindi, eksport oʻsishi 280% ni tashkil etdi. Xususan, avtomobillar uchun butlovchi qismlar, engil avtomobillar va yuk mashinalari, avtobuslar va maxsus uskunalar eksport qilinmoqda. Eksport hajmi Rossiya, Qozogʻiston, Ukraina, Tojikiston, Belorusiya, Afgʻoniston, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlarning eksport bozorlariga avtomobillar yetkazib berishni qayta tiklash evaziga oshdi.