Juma, 24-Yanvar 2020

AQShda Girls Do Porn studiyasi ayollarni pornoda suratga tushishga majburlagan. Sud 22 jabrlanuvchiga 13 mln dollar to‘lashni talab qildi

Kaliforniya sudi 2-yanvar kuni San-Diyegodagi Girls Do Porn studiyasiga 22 nafar amerikalik ayolga 12,7 million dollar miqdorida tovon puli to‘lash majburiyatini yukladi, deya xabar bermoqda “Daryo”. Vice’ning yozishicha, studiya bu ayollarni aldov va qo‘rqitish yo‘li bilan pornofilmlarda suratga tushishga majburlagan. Sud qarorida aytilishicha, ayollar 297 ming dollardan 547 ming dollargacha bo‘lgan miqdorda kompensatsiya puli olishi kerak. Maksimal miqdordagi tovon puli (547 ming dollardan) yetti nafar ayolga beriladi.

Foto: Meduza

Ayollar Girls Do Porn bilan ilk bor 17—22 yosh oralig‘ida aloqaga chiqqan. Ular modellar ishga olinishi haqidagi e’lonlar orqali studiya bilan hamkorlik qila boshlagan. Ayollar AQShning turli shtatlaridan San-Diyegoga olib kelingan. Ularning har biri bilan suratga olish bo‘yicha shartnoma tuzilgan, biroq, da’vogarlarning ta’kidlashicha, ularning ayrimlariga shartnomani imzolashdan avval alkogol va narkotiklar taklif qilingan, boshqalariga esa, ular shartnomani imzolashni rad etganida, tahdid qilingan.

Da’vogar ayollarning ta’kidlashicha, studiya xodimlari ularni aldagan va chalg‘itgan. Kompaniya bu ayollar ishtirokidagi filmlarni internetga chiqarmaslikka, filmlar faqat boshqa mamlakatlarda yashaydigan kolleksionerlar orasida DVD’da tarqatilishiga va’da bergan. Shuningdek, ayollarga ularning shaxslari oshkor etilmasligi ham aytilgan. Aslida esa, Vice’ning yozishicha, studiya olingan filmlarni eng yirik pornosaytlarga chiqargan — aksariyat filmlar millionlab marta ko‘rilgan. Ayollarning ism-shariflari esa video ostidagi kommentlarda, shuningdek, doksingga (inson haqidagi maxfiy ma’lumotlarni oshkor etishga) bag‘ishlangan saytlarda e’lon qilingan. Sudning fikricha, Girls Do Porn ayollarning haqiqiy ismlarini oshkor etishda, xususan, ularning ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlariga havolalarni e’lon qilishda qatnashgan.

Filmlar e’lon qilingach, ayollar ta’qibga uchragan. The Washington Post’ning yozishicha, bu ayollar ishtirokidagi pornoroliklar ularning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari, qalliqlari, murabbiylar va ruhoniylariga yuborilgan. Shundan so‘ng bu ayollar AQShning boshqa hududlariga ko‘chib o‘tishga, ismlarini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan. Videolar tarqalgach, kamida bir ayolning oilasi u bilan muloqot qilishdan bosh tortgan. Ayrim jabrlanuvchilar o‘z joniga qasd qilishga ham uringan.

Sudda chiqish qilarkan, Girls Do Porn kompaniyasi vakillari bu ayollar kattalar uchun mo‘ljallangan filmlarda suratga tushishini oldindan bilgani va videoroliklarni tarqatishga ruxsat beruvchi shartnomalarga qo‘l qo‘yganini ta’kidlagan. Sud bu iddaoni rad etib, ayollarga shartnomalarni o‘qib chiqish uchun vaqt berilmaganini ko‘rsatib o‘tgan. Sudya kompaniya asoslangan shartnomalarni haqiqiy emas, deb topgan.

Sudda 22 ayolning manfaatlarini himoya qilgan advokat Edvard Chapinning so‘zlariga ko‘ra, mijozlari sud jarayoni natijasidan mamnun. “Ular 12,7 million dollar uchun xursand bo‘layotgani yo‘q. Ularni quvontirayotgan jihat — sud bu ayollarni himoya qildi, ularning da’volari va kechmishlarini tan oldi. Va nihoyat bu ayollar kimdir ularning dardini eshitganini his qildi, chunki ular uyalayotgan edi, odamlar ularning ustidan kulib, ta’qib qilayotgandi”, — dedi advokat The Washington Post bilan suhbatda.

Sud qaroriga ko‘ra, Girls Do Porn da’vogarlarga ular ishtirokidagi barcha foto va videolarni, shuningdek, ushbu materiallar uchun mualliflik huquqlarini qaytarib berishi lozim. Filmlarning aksariyati hamon internetda ochiq foydalanuvda turibdi, biroq Pornhub 2019-yil oktabridayoq roliklarni o‘chirib tashlaganini bildirgan edi.

AQSh Federal tergov byurosi Girls Do Porn studiyasiga nisbatan alohida o‘z surishtiruvini olib bormoqda. 2019-yil oktabrida kompaniya egalaridan biri 37 yoshli Metyu Isaak Volf va 31 yoshli pornoaktyor Ruben Andre Garsia qo‘lga olingan. Ular odam savdosida ayblanmoqda. Kompaniyaning yana bir egasi — 37 yoshli Maykl Jeyms Pratt esa AQShdan chiqib ketgan. Ularning bari umrbod qamoqqa hukm qilinishi mumkin.